Breaking News

Tramp saylov natijasini tan olmasligi mumkinligi haqida ogohlantirdi


AQSh prezidentligi uchun nomzodlar o'rtasida uchinchi va so'nggi bahs bo'lib o'tdi. Unda respublikachilar nomzodi Donald Tramp va demokratlar vakili Hillari Klinton xalqqa murojaat qilib, ichki va tashqi siyosat, iqtisodiyot va immigratsiya kabi bir qator masalalarda munozara qildi.

Donald Tramp saylovning firibgarlik bilan o'tayotganini yana bir bor tilga olib, agar yutqazsa, natijani qabul qilishdan bosh tortishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Natija qanday bo'lishidan qat'i nazar, uni qabul qilasizmi, deb so'ralgan savolga "bunga o'sha paytda javob beraman", dedi Tramp.

"Matbuot juda noxolis va yo'ldan ozgan. "Nyu-York Tayms" hatto bu haqda maqola yozdi, - dedi Tramp. - Agar saylovchilar ro'yxatiga qarasangiz, ovoz berish huquqiga ega bo'lmagan millionlab odamlar ham ro'yxatdan o'tganini ko'rasiz".

Respublikachi milliarder ayni paytda raqibi Hillari Klintonni jinoyat sodir etganlikda ayblab, uning saylovda qatnashayotganini nohaqlik deb atadi. Unga ko'ra, davlat xizmatini shaxsiy elektron pochta orqali yuritgani yuzasidan hisob berishga chaqirilganda, Klinton minglab yozishmalarini o'chirgan va bu bilan jinoyat sodir qilgan. Uning jazoga tortilmagani katta xato, dedi u.

Klinton Trampning bu ayblovlarini saylovni boy berayotgan nomzodning "valdirashi"ga qiyosladi.

"Har safar Donald ishlari o'zi xohlagandek ketmayotganini sezsa, hamma narsani o'ziga qarshi ishlayotganlikda ayblaydi, - dedi Klinton. - Federal Qidiruv Byurosi mening xatlarim ustida bir yil surishtiruv olib bordi va unda hech qanday jinoyat yo'q, degan xulosaga keldi".

Bunga javoban, Tramp FQBni ham yo'ldan ozganlikda aybladi.

Klinton Trampning fikrlashi aslida xato ekaniga e'tibor qaratdi.

"Bu kulgili, ayni paytda xavotirlidir, - dedi u. - Demokratiya bunday bo'lmasligi kerak. 240 yildan beri bormiz. Doim erkin va adolatli saylovlar o'tkazib kelganmiz. Yoqtirmasak ham doim natijani qabul qilganmiz. Prezidentlik saylovi uchun sahnaga chiqqan har bir odam shunday qilishi kerak".

Bahs mavzusi tashqi siyosatga o'tganda, Tramp Klintonni ayovsiz tanqid qilishga tushdi. Unga ko'ra, Klinton davlat kotibi bo'lib ishlagan payt Iroq, Suriya va Yaqin Sharqning boshqa davlatlarida AQSh boshi berk ko'chaga kirib qoldi. Rossiya va Eron Vashingtondan aqlliroq chiqib, Yaqin Sharqni to'liq o'z nazoratiga oldi, dedi u.

Tramp, shuningdek, Klintoning Iroq urushini yoqlab ovoz berganini qoraladi va "Islomiy davlat" jangari guruhining paydo bo'lishida shu ovozning hissasi bo'lganiga ishora qildi.

Klinton esa davlat kotibi bo'lib ishlagan paytlari har doim Amerika manfaatlari va inson huquqlari qadriyatlarini himoya qilib ishlaganini aytdi.

Nomzodlarning prezidentlikka qanchalik munosib ekani haqidagi savol muhokama qilinganda Donald Trampning ko'plab ayollarga jinsiy tajovuz qilgani masalasi ko'tarildi. Tramp bularning barchasi bo'hton ekanini ta'kidladi, ammo Klinton respublikachi nomzodning ayollarga munosabati qanday ekanini avval ro'y bergan va tasdig'ini topgan boshqa misollar bilan ko'rsatib, bunday axloqsizlik Tramp uchun odatiy hol ekanini aytdi.

Tomonlar 8-noyabrda bo'ladigan saylov oldidan so'nggi bor teledebatda qatnashdi. Ovoz berish kunigacha saylov kampaniyasi davom etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG