Federal Qidiruv Byurosi prezidentlikka nomzod demokrat Hillari Klintonga yon bosgan degan xabarlar asossiz va safsata, deydi Davlat departamenti so'zlovchisi Mark Toner.
Klinton davlat kotibi bo'lib ishlayotgan paytda davlat tizimi emas, o'z shaxsiy pochtasini ishlatganini tan olgan xonim biror maxfiy ma'lumotlar yot tomonga oshkor etilmaganini aytib keladi. Klintonning bu ishi Federal Qidiruv Byurosi tomonidan tekshirilgan. Qator xatolar topilgan lekin birortasi Klintonni jinoyatda ayblash uchun yetmaydi, deya xulosa qilingan.
Biroq yaqinda paydo bo'lgan informatsiyaga ko'ra, Davlat departamenti Federal Qidiruv Byurosini bosim ostiga olib, undan Klinton ishiga yumshoqroq yondashishni talab qilgan. Evaziga Davlat departamenti bu agentlik uchun chet eldagi vakolatxonalarda ko'proq ish joyi berishni va'da qilgan.
“Biz bunu quruq uydirma deb bilamiz. Hech qanday muzokara yoki bosim bo'lmagan",- deydi Toner.
2012-yilda Liviyaning Bing'ozi shahrida Amerika vakolatxonasiga hujum qilinib, to'rt kishi, jumladan elchi Kristofer Stivens o'lgan edi.
Klintonning respublikachi tanqidchilari uni Liviyadan kelayotgan iltimoslarga javob bermaganlikda, xavotirlarni inobatga olmay, diplomatlar va xodimlar hayotiga befarqlikda ayblab keladi. Federal Qidiruv Byurosi ko'rib chiqqan materialllarda bu haqda ma'lumotlar bo'lgan va Klinton va uning Davlat departamentidagi odamlari agentlikni ularni yashirishga ko'ndirgan, deydi ayrim respublikachilar.
AQSh Vakillar palatasida Hukumat ishini nazorat qiluvchi qo'mita raisi Jeyson Chaffetz va bir qator konservatorlar Prezident Barak Obama va Davlat kotibi Jon Kerridan Federal Qidiruv Byurosi bilan til biriktirganlikda gumon qilinayotgan rasmiylarni ishdan olishni talab qilmoqda.
Agentlik bilan ishlagan Pet Kennedi, yetakchi diplomat, Davlat departamentining bayon qilishicha, o'z vazifasiga sodiq xizmatchi va ishini davom ettiradi.
Prezidentlikka nomzod respublikachi Donald Tramp fikricha, Klinton korrupsioner va buni isbotlovchi dalillar ko'p,
Federal Qidiruv Byurosi Klinton ishi bilan bog'liq yuzlab bet hisobotni omma e'tiboriga havola etgan. Yuqoridagi iddaolarni inkor etmoqda.