Breaking News

So'rovlarda Tramp Klintonga yetib olayapti


26-sentabr kuni prezidentlikka nomzod ikki arbob o'rtasida ilk debatlar o'tadi.
26-sentabr kuni prezidentlikka nomzod ikki arbob o'rtasida ilk debatlar o'tadi.

Amerikada prezidentlikka respublikachi nomzod Donald Tramp so'rovlarda demokrat nomzod Xillari Klintonga yetib olmoqda. Ikki arbob uch haftadan keyin ilk bor yuzma-yuz debatlarda kuch sinashadi.

Qator so'rovlarga qaraganda, Klinton, sobiq davlat kotibasi, badavlat tadbirkor Trampdan oldinda. Biroq biznesmen oxirgi bir necha haftada o'rtadagi farqni kamaytirib oldi. Amaldagi rahbar Barak Obamaning xizmat muddati tugab borar ekan, saylovlar 8-noyabrda o'tadi.

AQShdagi ayrim siyosiy tahlilchilar sobiq bosh diplomat mamlakatning 45-prezidenti, davlatning birinchi ayol rahbari bo'lishiga ishonchi komil. Ammo oxirgi kunlarda Trampning imkoniyatlari oshib borayotganini ham ular e'tirof etmoqda.

Oilalar yozgi ta'tildan qaytib, farzandlar maktabga qaytar ekan, fuqarolar saylovga ko'proq e'tibor ajratishi kutilmoqda. Ikki nomzod o'rtasida birinchi debatlar 26-sentabrda o'tadi, qolgan ikkitasi oktabrga rejalangan So'rovlarga ko'ra, mamlakat ahli orasida har ikki nomzodga munosabat sovuq.

Nomzodlar esa bir-birining kamchiligini eslatib, hanuz bir qarorga kelmagan fuqarolarni o'ziga og'dirish harakatida. Klintonning aytishicha, prezident bo'lish uchun Trampda sabr, iroda, bilim yetishmaydi. Tramp esa Klintonni bosh kotib davrida maxfiy ma'lumot bilan ehtiyotsiz muomala qilganlikda, davlat ishlariga oid xatlarni shaxsiy elektron pochtasidan jo'natganlikda ayblaydi.

O'tgan juma Federal qidiruv idorasi e'lon qilgan tergov hujjatlariga qaraganda, Klinton bir necha soat davom etgan savol-javob paytida qator maktublar yuzasidan aniq javob bera olmagan. Elektron maktublarga "C" (classified), ya'ni maxfiy degan belgi qo'yilganiga e'tibor bermagan yoki bu nimani anglatishini tushunmagan.

Tramp esa noqonuniy muhojirlarga nisbatan bayonotlarini anchayin yumshatib, saylovchilarning ko'nglini ovlashga urinayapti. Avvalroq u barcha hujjatsiz immigrantlarni deportatsiya qilishini aytib po'pisa qilgan edi. Amerikada millionlab bunday muhojir yashaydi. Endi esa Tramp Amerikaga noqonuniy yo'l bilan kelganlarga hujjat yo'q, deyish bilan cheklanmoqda.

Bu orada, Klinton muhim shtatlarda Trampda oldinda. Qo'shma Shtatlarda saylov natijalarini umumiy ovozlar soni emas, balki shtatma-shtat raqamlar hal qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG