Breaking News

Klinton noqonuniy immigrantlarga fuqarolik bermoqchi, Trampchi?


AQSh saylov poygasida immigratsiya eng asosiy mavzulardan bo’lib qolmoqda. Donald Tramp va Hillari Klintonning bu mavzudagi qarashlari o’ta farqli. Respublikachi nomzod millionlab noqonuniy immigrantlarni mamlakatdan haydaymiz deb ta’kidlab kelayotgan edi, ammo fikridan qaytdi.

Donald Tramp poygaga kirgan kunidan boshlab AQSh-Meksika chegarasida devor qurishini aytib kelmoqda. Viza muhlati o’tganlar haydaladi, mamlakatda noqonuniy yashayotganlarga fuqarolik bermaymiz, deydi u. Bundaylar soni taxminan 11 million. Tramp jinoyatga qo’l urganlarini deportatsiya qilmoqchi.

“Oq uyda birinchi kundayoq farmonga imzo chekaman”, - deydi tadbirkor.

Hillari Klinton ham hujjatsiz jinoyatchilar mamlakatda qolishiga qarshi, lekin qolganlariga prezidentligining birinchi 100 kunida fuqarolikka yo’l ochib berishini aytadi.

“Iqtisodiyotimizga hissa qo’shayotgan millionlab immigrantlarni haydasak, o’zimizga ziyon bo’ladi, g’ayriinsoniy qaror bu”, - deydi Klinton.

Ommaviy so’rovlarga qaraganda, amerikaliklarning 70 foizi immigratsiyani muhim masala deb hisoblaydi. Bunga sabab Trampning chegarada devor qurish rejasidir, deydi ayrimlar. Boshqalar nazarida esa muhojirlar ish o’rinlarini tortib oladi degan qo’rquv bor.

Klinton olg’a surayotgan dastur liberal demokratlarga, shuningdek, mo’tadil qarashdagi respublikachilarga ham ma’qul ko’rinadi. Shunday ekan, Tramp ularni o’z tarafiga og’dirish uchun keskin pozitsiyadan voz kechdi. Hujjatsiz muhojirlar orasidagi jinoyatchilarni topib, haydaymiz, demoqda u.

Vilyam Leogrand Amerika Universitetida dars beradi. Uning fikricha, Tramp gapidan qaytib, oddiy siyosatchiga o’xshab qolayapti. Vaholanki, men dangalchiman, bor gapni aytaman, deb nomzodlikni qo’lga kiritgan”, - deydi u.

Latino saylovchilar orasida Tramp tarafdorlari juda kam. 2012-yilgi saylovda ham latinolarning atigi 30 foizi respublikachilarga ovoz bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG