Breaking News

Klinton saylansa, AQSh siyosatida qanday o'zgarishlar bo'ladi?


Amerikada prezident saylovlariga uch oycha vaqt qoldi. Prezidentlik va vitse-prezidentlikka nomzodlar aniq. Agar Hillari Klinton saylansa, deydi respublikachilar, u Barak Obama olib borayotgan siyosatni davom ettiradi. Darhaqiqat, Demokratik partiyaning platformasi buni tasdiqlab turganday.

"Prezident Obamaning xalq orasidagi reytingi baland. Bu degani, uning partiyasi tanlagan yondashuv, xususan tashqi siyosat xalqqa manzur", - deydi sharhlovchi Penni Li.

Demokratlar o'z qurultoyida ma'qullagan platforma Obama ma'muriyati so'nggi sakkiz yilda amalga oshirgan ishlar sarhisobiga o'xshaydi.

Unda, xususan, Eron bilan yadroviy sohada erishilgan xalqaro kelishuvga yuqori baho berilgan. Jahonda ommaviy qirg'in qurollari qanchalik kamaysa, AQSh shunchalik xavfsizroq bo'ladi, deyiladi hujjatda.

2009-yili Pragada qilgan nutqida Prezident Barak Obama AQSh yadro qurolini ishga solgan yagona davlat sifatida bu tashabbuslarga bosh-qosh bo'lishini aytgan edi. Yadro qurollarini kamaytirishni Amerika yakka o'zi uddalay olmaydi, ammo bu ishni boshlab beramiz va boshqalarni ham undaymiz, degan edi Obama.

Islomiy davlat, Guantanamo va qiynoqlar

"Islomiy davlat" ekstremist to'dasiga qarshi kurash, demokratlar nazarida, xalqaro koalitsiya bilan hamkorlikda va Suriya muxolifatini qo'llab-quvvatlagan holda olib borilishi kerak. Urush zonalaridan qochgan begunoh insonlarga yordam berishga tayyormiz, lekin ular AQShdan boshpana olishi uchun kuchli tekshiruvdan o'tadi, deyiladi platformada.

Demokratlar Donald Trampning musulmonlarni Amerikaga kiritmaslik taklifiga mutlaqo qo'shilmaydi.

Ular Kubadagi Guantanamo qamoqxonasini yopishga ham va'da bermoqda. Prezident Obama 2009-yildan beri shunga harakat qilib kelmoqda, ammo Kongressdagi respublikachilar qarshi. Bugun bu turmada terrorizm gumoni bilan ushlangan shaxslardan taxminan 70 nafari qolgan.

Qayd etish joiz, Donald Tramp, agar saylansa, qiynoq bilan tenglashtirilgan tergov usullarini tiklash niyatida. Obama prezidentlikka kelishi bilan qiynoqlarni taqiqladi, yashirin turmalar yopilgan. Lekin Tramp fikricha, mahbuslarni so'roq qilishning o'sha eski usullari razvedka ma'lumotlarini to'plashda qo'l keladi.

Hillari Klinton

Demokratik partiyaning yangi dasturi va amaldagi siyosat bir-biriga monand ekani tabiiy, chunki Hillari Klinton Obama ma'muriyatida tashqi ishlar vaziri edi, deya eslatadi tahlilchi Vinni Stakelberg.

Klinton Amerikadagi ish o'rinlarining xorijga ko'chishiga olib keladigan savdo kelishuvlariga qarshi ekanini, amaldagi bitimlarni esa qayta ko'rib chiqish kerakligini aytib kelmoqda. O'z valyutasidan foydalanib savdo-sotiqda AQShdan ustun kelayotgan mamlakatlarni savolga tutamiz, deydi u.

Umuman olganda respublikachilarning savdoga oid yondashuvi ham shunga o'xshash.

"Lekin bu ikki partiya birga ishlay oladi degani emas. Chunki respublikachilar hech narsaga ko'nmaydigan qaysar partiyaga aylangan", - deydi sharhlovchi Penni Li.

Mudofaa bobida ikki partiya qarashlari farqli. Demokratlar bu sohadagi isrofgarchilikka chek qo'yishga hamda e'tiqodi va jinsiy maylidan qat'i nazar hammaga armiyada xizmat qilishga ijozat berishga chaqiradi.

Berni Sanders

Saylovning saralash bosqichida Hillari Klinton bilan oxirigacha kurashgan senator Berni Sanders Demokratik partiya dasturini tuzishda bevosita ishtirok etdi.

Mamlakatda eng kam ish haqini soatiga 15 dollarga ko'tarish, o'rtahol oilalar uchun jamoat kollejlarini bepul qilish aynan Sandersning talabi bilan platformaga kiritilgan.

"Sanders millionlab fuqaroni o'ziga ergashtirib, Klintonga kuchli raqib bo'lgani uchun ham partiya dasturiga ta'sir qila oldi", - deydi tahlilchi Vinni Stakelberg.

Hujjatga, shuningdek, erkak va ayollarga teng maosh to'lash, moliyaviy va adliya sohasida islohotlar, badavlat fuqarolarga soliqni oshirish, o'lim jazosini bekor qilish va immigratsiya tizimini tubdan o'zgartirish talablari kiritilgan.

"Qonuniy migratsiya me'yor bilan belgilanishi kerak. Demokratik partiya oilalar va jamoalar ehtiyojlariga javob beradigan, iqtisodiyotga foyda keltiradigan, Amerikaning erkinlik va ozodlik diyori degan maqomini saqlab qolishga xizmat qiladigan tizimni qo'llab-quvvatlaydi", - deyiladi platformada.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG