Pensilvaniyada Demokratlar partiyasining to'rt kunlik qurultoyi boshlandi. Uni o'tkazishdan asosiy maqsad partiyaning ichki saylovlarida g'olib chiqqan Hillari Klintonni prezidentlik uchun rasman nomzod deb e'lon qilish. Ammo anjuman partiya yetakchilarining elektron pochta yozishmalari o'g'irlanib, "WikiLeaks" sayti orqaliommaga oshkor qilinishi bilan bog'liq mojaro ortidan boshlandi. Ushbu xatlarda demokratlar yetakchilari Klintonga yon bosgani va Sandersning ustidan kulgani aks etgan.
Mojaro o'rtaga chiqishi bilan Demokratlar milliy qo'mitasi raisi Debbi Vossermen iste'fo berdi. Bu mashmasha bo'lishi yoki bo'lmasligidan qat'i nazar u qurultoydan so'ng vazifasidan ketishi kutilayotgan edi.
Sanders g'azabda
Demokrat sotsialist Berni Sanders partiya nomzodligi uchun o'tgan saylov kampaniyasi davrida Hillari Klintonga jiddiy raqib bo'ldi. U fosh etilgan email xatlariga munosabat bildirib, partiya yetakchilarining munosabatidan hafsalasi pir bo'lganini aytdi.
Shunga qaramay, Sanders qurultoyda Hillari Klinton nomzodini rasman qo'llab-quvvatlashini yana bir bor e'lon qildi. Uning sahnadagi chiqishi tarafdorlari tomonidan uzoq va davomiy qarsaklar hamda olqishlar bilan qarshi olindi.
Mishel Obama Klintonni yoqladi
Sandersdan avval Prezident Barak Obamaning rafiqasi Mishel Obama ham qurultoy qatnashchilariga murojaat qildi. Ta'sirchan va olqishlarga boy bo'lgan chiqishida u Amerikani farzandlar kelajagi uchun yaxshiroq maskanga aylantiradigan prezident uchun ovoz berishini aytib, bu ishga ikki nomzod orasidan faqat Hillari Klinton loyiq ekanini aytdi.
"Hillari Klintonni ko'rib mening qizlarim ayol kishi ham AQSh prezidenti bo'la olishini ko'radi", - dedi Mishel Obama.
Sanders tarafdorlari norozi
Qurultoy davomida Berni Sanders tarafdorlari norozilik namoyishlarini davom ettirmoqda. Ular nomzodlikning Klintonga berilganini hanuz qabul qila olmayapti. Sobiq nomzodning ashaddiy tarafdorlari bu ishga faqat Sandersni munosib ko'radi.
Qurultoydagi chiqshida Sanders bu masalaga ham to'xtalib o'tib, saylov o'tsada, uning inqilobiy harakati davom etishini ta'kidladi hamda fuqarolar va demokrat yetakchilarni o'rta qatlam amerikaliklar haq-huquqlari uchun kurashni davom ettirishga chaqirdi.