Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Trampning AQSh tashqi siyosati bo'yicha qarashlari Hillari Klintonnikidan keskin farq qiladi.
Tramp fikricha, ko'pgina ittifoqchilar Amerika ko'magiga tayanib qolgan va bundan buyon o'z mudofaasi uchun ko'proq mablag' ajratishi darkor.
Respublikachilar qurultoyida qabul qilingan platforma an'anaviy konservativ g'oyalardan iborat, lekin Rossiya, Xitoy va Suriya kabi mavzularda Demokratik partiyaniki bilan o'xshash.
Platforma bu, oddiy qilib aytganda, partiyaning dasturi, u olg'a suradigan tamoyillar demakdir. Partiya prezidentlikka ko'rsatgan nomzod odatda bu dasturdan chetga chiqmaydi.
Bir-biridan farqli platformalar
Diplomatiya va iqtisodiy taraqqiyotni bosh o'ringa qo'yadigan Demokratik platformada idealizm g'oyasi mujassam, ya'ni bunda Qo'shma Shtatlar ham harbiy, ham noharbiy usullar bilan global siyosatga ta'sir qila oladigan ijobiy kuch deb ko'riladi.
Respublikachilar uchun esa davlat xavfsizligi hamisha ustuvor masala bo'lib kelgan.
Konservatorlar Prezident Ronald Reyganning "kuch orqali tinchlik" shioriga amal qiladi, ya'ni AQShning harbiy salohiyatini oshirish orqali urush ehtimolini kamaytirish va dunyo tinchligini ta'minlash.
"Qurolli kuchlarimiz bir paytning o'zida ikki urushni uddalashi va g'alaba qozonishi, xorijiy agressorlar hujumini qaytara olishi kerak", - deyiladi partiya platformasida.
Demokratlar AQSh global yetakchi va dunyodagi eng qudratli armiyaga ega davlat bo'lib qolishini istaydi, lekin ular uchun urush hamisha eng so'nggi chora. Diplomatiya, taraqqiyot loyihalari va iqtisodiy ko'makdan unumli foydalana olish kerak.
AQShning xalqaro maydondagi roli va ittifoqchilar bilan munosabatlariga kelganda, qarashlar har xil. Donald Tramp o'z chiqishlarida NATO a'zolarini koyib kelmoqda. Bu tashkilot xarajatlarini qoplash uchun yetarli hissa qo'shmasangiz, biz sizni himoya qilish majburiyatiga ega emasmiz, deydi u.
Trampning partiyasi 67 yil ilgari tuzilgan harbiy alyansni isloh qilishga, unga a'zo davlatlarni o'z majburiyatlarini bajarishga chaqiradi.
Demokratlar platformasida esa NATOdagi ittifoqchilar bilan mustahkam aloqalarni saqlab qolish va ularni himoya qilish haqida so'z boradi.
Eron
Eron borasida ham taraflar pozitsiyasi bir-biridan keskin farqli. Demokratlar 2015-yilda Tehron va yirik davlatlar o'rtasida imzolangan atom programmasi bo'yicha kelishuvni qo'llab-quvvatlasa, respublikachilar kelasi prezident unga amal qilishi shart emas, deb hisoblaydi.
Ular nazarida, bitim AQSh Senatida ko'pchilik tasdig'idan o'tmagani sabab qonuniy kuchga ega emas.
Prezident Barak Obamaga ko'ra, aynan shu kelishuv tufayli Eron yadro qurolini yaratish salohiyatidan ayrildi. Ammo zarur bo'lsa, sanksiyalarni kuchaytiramiz, deydi u.
Isroil
Isroil AQSh tashqi siyosatida azaldan strategik ahamiyat kasb etadi. Har ikki partiya yahudiy davlatiga sodiq, lekin respublikachilar platformasiga nozik bir o'zgarish kiritildi.
"Isroil va Falastin ikki mustaqil davlat sifatida yonma-yon yashashi kerak" degan gaplar hujjatdan o'chirilgan. Quddus faqatgina Isroilning poytaxti bo'ladi va AQSh o'z elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko'chirishi kerak, deyiladi unda.
Aytish joiz, Donald Tramp avvalgi chiqishlarida Isroil-Falastin muzokaralarida yahudiy davlatiga yon bosmaslik, xolis bo'lish haqida bayonotlar qilgan.
Demokratlar nazarida ikki mustaqil davlat vujudga kelishi uchun harakatni kuchaytirish lozim. Quddus maqomi esa muzokaralar chog'ida hal qilinadigan masala.
Islomiy davlat
Demokratlar "Islomiy davlat" jangari to'dasiga qarshi kurashni, Suriyadagi urushga siyosiy yechim topish uchun sa'y-harakatlarni davom ettirishga va'da bermoqda. Ammo Hillari Klintonning Suriya shimolida parvozlarni taqiqlash tashabbusi to'g'risida hujjatda hech gap yo'q.
Donald Tramp, o'z navbatida, Iroq va Suriyadagi jangarilarni yoppasiga bombardimon qilish haqida bong uradi. Uningcha, agar Saudiya Arabistoni bu amaliyotga hissa qo'shmasa, AQSh uning neftidan voz kechishi kerak. Tramp, shuningdek, "Islomiy davlat"ga qarshi kurashga NATO alyansini jalb qilish haqida ham gapirgan edi.
Lekin partiya platformasida bularni ko'rmaysiz. Hujjatda Prezident Obama va davlat kotibi bo'lgan Hillari Klinton arab bahoridan unumli foydalana olmadi, xalqaro hamjamiyatni Suriya rahbariga qarshi birlashtira olmadi, deya tanqid qilingan.
Respublikachilar Yaqin Sharqdan qochqinlarni qabul qilish o'rniga ular uchun Iroq shimolida xavfsiz zona barpo etish taklifini olg'a surmoqda.
Xitoy
Xitoy haqida gap ketganda, har ikki partiya bu davlatni iqtisodiy g'irromlikda, Janubiy Xitoy dengizida kuch bilan o'z so'zini o'tkazayotganlikda ayblaydi.
"Xitoyning xulqi munosabatlarimiz istiqboliga soya solmoqda", - deydi respublikachilar. Pekindan, shuningdek, valyuta qiymatini sun'iy nazorat qilishni bas qilib, qoidalarga amal qilish talab etilmoqda.
Xitoyning yaqin ittifoqchisi Shimoliy Koreyaga ham tanqidlar yog'ildi. Bu davlatning atom qurollarini yo'q qilishda Pekin biz bilan hamkorlik qilsin, deyiladi respublikachilar dasturida.
Rossiya
Nomzodlikni qo'lga kiritgan Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan kelishib ishlay olishiga ishonadi. Uning partiyadoshlari fikricha, Obamaning zaifligi sabab ham Kreml xalqaro sahnada o'zini agressiv tutmoqda. Qrim mintaqasi Ukrainaga qaytarilmaguncha Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalar bekor qilinmaydi, deydi respublikachilar.
Demokratlar esa Putin bilan o'zaro manfaatli sohalarda hamkorlik qilishga tayyor. Masalan, atom qurollarini kamaytirish, Eron yadro dasturi, Shimoliy Koreya, Afg'oniston va hokazo. Lekin agressiyaga chidab o'tirmaymiz, deydi ular.
Afg'oniston/Pokiston
Afg'oniston va Pokiston masalasida platformalar hamohang. Afg'onistonda 8400 askar qoldirish rejasiga hech bir tomon qarshi emas. Pokiston hukumatidan mamlakatdagi terrorchi manzillarini yo'q qilish so'ralmoqda.
Respublikachilar platformasida bayon qilinishicha, yangi prezident mintaqadagi barcha davlatlar bilan ishonchli aloqalar o'rnatib, korrupsiya va narkotiklar savdosiga qarshi kurashni jadallashtirishni talab qiladi.
Syezd oldidan partiyalar vakillari platformaga qanday o'zgartirishlar kiritish ustida bahslashadi, lekin bu hujjat yuridik kuchga ega emas. Kim prezident etib saylansa ham unga amal qilmaydi.
"Ochig'i, nima yozilgani muhim emas", - deydi Meyn shtatidan mahalliy qonunchi Erik Breyki. "100 betli bu hujjatni qurultoy o'tganidan keyin hech kim yodga olmaydi", - deydi u.