Breaking News

Rossiyalik tahlilchi: Tramp - demokratiya inqirozining natijasi


Prezidentlik uchun respublikachi nomzod Donald Tramp
Prezidentlik uchun respublikachi nomzod Donald Tramp

Amerika prezidentligi uchun kechayotgan saylov kampaniyasi mamlakat siyosiy hayotini o'zgartirib yubordi.

Respublikachilar poygasida qolgan yagona nomzod Donald Tramp vitse-prezidentlik uchun o'z hamkorini qidirishga tushdi. Demokratlardan uning raqibi sobiq davlat kotibi Hillari Klinton bo'lishi kutilyapti. Saylov kampaniyasini xalqaro hamjamiyat xavotir bilan kuzatmoqda.

"Global super davlat aksirsa ham dunyo tartibini o'zgartirib yuboradi", - deydi rossiyalik siyosiy tahlilchi Liliya Shevsova.

Unga ko'ra, dunyo navbatdagi AQSh rahbarining buzg'unchilik sari olib boradigan agressiv siyosat yuritishidan xavotirda.

Aslida bu narsa kutilayotgan edi, deydi Shevsova.

"Biz bu yerda nafaqat Amerika tarixi, balki ancha avval boshlangan liberal demokratiya inqirozi haqida ham gapiryapmiz. U ichki va tashqi muammolarga dosh bera olmadi. G'arb jamiyatlarida ayrim demokratik institutlarning ishlamayapti. Hukumatlar moliyaviy oligarxiyani nazorat qila olmayapti. Tengsizlik va adolatsizlik muammosi o'sib bormoqda. Hokimiyatdagilar migrantlar oqimi bilan bog'liq muammolarni hal qila olmayapti. Tashqi tahdidlar oldida adashib qolayapti", - deydi siyosatshunos.

Tahlilchi nazarida bu muammolar Yevropa Ittifoqining hokimiyat tizimlari falajlanishiga hamda o'ng va chap qanot siyosiy kuchlarining o'sishiga olib boradi. Britaniya ittifoqdan chiqish arafasida turibdi; Yevropaning ayrim davlatlarida, masalan, Vengriyada avtoritarizm bo'y ko'rsatmoqda, deydi Shevsova. U sotsialist Berni Sanders va shuhratparast Donald Trampning jiddiy kuchga aylanishini shu bilan bog'laydi.

"AQSh saylov poygasining yangi bosqichiga kirmoqda va Trampning respublikachi nomzod sifatida ishtirok etishi uni Amerika tarixidagi eng chirkin poygaga aylantiradi", - deydi Shevsova.

Rossiyaning "Zamonaviy va bugungi tarix" nomli jurnali bosh muharriri Vladimir Sogrin esa Trampning muvaffaqiyatidan ajablanayotgani yo'q.

Uning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, respublikachi nomzod olg'a surayotgan g'oyalar safsata bo'lsa ham, u siyosiy to'g'riso'zlikdan charchagan Amerika xalqining yuragiga yo'l topa oldi.

Tramp xalqning xavotir va og'riqlaridan ustalik bilan foydalanib, siyosat maydonida peshqadamlikni qo'lga kiritdi, deydi tarixchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG