Ramazon - xayr-saxovat va ibodat oyi. Kolorado shtati, Avrora shahrida musulmonlar toat-ibodatni Daral Tavhid masjidida qilishadi. Masjid joylashgan markazda basseyn, tennis maydonlari va sportzal ham bor.
Kolorado shtatining Avrora shahri. Daral Tavhid masjidiga har juma yuzlab musulmonlar namozga keladi.
Uzoq yillar davomida bino xarob ahvolda edi. 2015-yilda musulmonlar jamoasi uni sotib olib, ta’mirlab, barcha uchun ochiq markazga aylantirdi.
Amerikadagi musulmonlar islom ta’limoti va urf-odatlarini bolalariga o’rgatishni qiyinchiliklardan biri deb tasvirlashadi.
“Namozxona yaratib qo’ysangiz, buning o’zi farzandlarimizga yordam bermaydi. Buning o’zi ularni markazimizga jalb qilmaydi, ularni masjidga olib kelmaydi. Buning uchun ijtimoiy xizmatlarni ham yo’lga qo’yish kerak - sport, boshqa mashg’ulotlar taklif qilamiz. Shu bois bu markazni sotib oldik”, - deydi imom Karim Abu Zaid.
Bu yondashuv ish berdi. Masjidga ham namoz o’qish uchun, ham o’ynash uchun bolalar keladi.
Musulmon jamoa markazni taxminan 2,5 million dollarga xarid qilib, uni sekin-asta ta’mirlamoqda.
"Ayrim birodarlarimiz tosh ko’tarish uchun kelishadi. Ayniqsa, yoshlarga bu yer juda ma’qul. Shug’ullanishadi. Kichkintoylar uchun ham xonamiz bor. 4-5 yoshli bolalar o’ynashadi bu yerda. Arab tili darslarimiz ham bor”, - deydi markaz xodimi Nabil Juvale.
Jamoa markazining xarid qilinishi va ta’mirlanishi boshida mahallada norozilik uyg’otdi. Ammo inshoot barcha uchun ochiq ekani e’lon qilingach, Avrora ahli ko’nikib ketdi.
Facebook Forum