Breaking News

Avstraliya "Islomiy davlat"ga qarshi harbiy kampaniyaga qo'shildi


Avstraliya samolyotlari
Avstraliya samolyotlari

Avstraliya jangovar samolyotlari ham Iroqda "Islomiy davlat" jangarilariga qarshi amaliyotga kirishdi. Bu mamlakat Mudofaa vazirligining bildirishicha, tunda Avstraliyaning ikki samolyoti Iroq uzra parvoz qilgan, ammo hozircha o'q otmagan.

Avstraliya Vazirlar mahkamasi bir necha kun oldin xalqaro koalitsiya tarkibida jangovar harakatlarga ruxsat bergan. Maxsus piyoda qo'shinlari ham tayyorgarlik ko'rmoqda, biroq bunga avval Iroq hukumati roziligini olish lozim.

AQSh havo kuchlari bir necha haftadan beri Suriya va Iroqda jihodchilarni havodan nishonga olmoqda. Kechagi hujumlarda Suriyaning Raqqa va al-Mayadin shaharlarida jangarilarga qarashli bir necha tank yo'q qilingan. Iroqning Falluja, Hit va Sinjar shaharlarida ham "Islomiy davlat" pozitsiyalari o'qqa tutilgan.

Jangarilar yana bir amerikalikni qatl etishi haqida do'q-po'pisa qilmoqda. O'tgan yili Suriyada qo'lga olingan 26 yashar Piter Kassigning ota-onasiga ko'ra, ularning o'g'li iyun oyida maktub yozib, o'limdan qo'rqqanini bildirgan.

Kassig Suriyada fuqarolar urushidan qochayotgan qochqinlarga yordam berayotganida ushlangan edi. Shundan sal oldin esa u islom dinini qabul qilib, Abdurahmon ismini olgan. U o'z maktubida har kuni namoz o'qishini yozgan.

Jangarilar o'tgan hafta britaniyalik Alan Xennigni qatl etganidan so'ng Abdurahmon Kassigning ham boshini olishini aytgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG