Breaking News

Autizm Amerika bolalari orasida keng tarqalgan kasallik


Otasi bilan kitobdagi suratlarni tomosha qilayotgan 2 yoshli Kristinaga yaqinda autizm diagnozi qo'yildi
Otasi bilan kitobdagi suratlarni tomosha qilayotgan 2 yoshli Kristinaga yaqinda autizm diagnozi qo'yildi

Amerikada bolalar orasida autizm hollari ko’payib bormoqda. Gap aqliy qobiliyatlarning sust rivojlanishi haqida ketmoqda. 2006-yilda har 110 boladan biri bunday holatda bo’lgan. 2008-yilda esa har 88 boladan biri. Xo’sh, sabab nima?

Autizm bola xulq-atvorida namoyon bo’ladi. Uning yumshoq shakli “Asperger sindromi” deb ataladi. Unga chalingan bola odamlar orasida o’zini noqulay sezadi.

Autizmning jiddiy shakli aniqlangan bolalar esa atrofdagilar bilan muloqot qilishga qiynaladi. Harakat va qiliqlarini takrorlayverishi, boshqalar bilan umuman gaplashmasligi mumkin. Bu bolalar hech kimning ko’ziga to’g’ri qaramaydi.

Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi deb nomlangan davlat agentligi AQShning 14 shtatida 8 yoshli bolalar salomatligi haqida 2008-yilda to’plangan ma’lumotni o’rganib chiqdi. Bemorlarning ko’pchiligi – o’g’il bolalar, qizlarga qaraganda besh barobar ko’p. Har 54 nafar o’g’il boladan biri shunday holatda.

Tashkilot direktori Tomas Friden deydiki, yosh bolalar orasida autizm hollarining ko‘payishi ortidagi sabab – ularning yaxshiroq tashxis qilinishi.

“Shifokorlarning bu holatni aniqlash borasidagi malakasi oshdi. Tibbiy ko’riklar va muolajalar sifati ham yaxshilandi. Shu sababli, fikrimcha, statistika o’zgardi, autizmni aniqlash uslublari mukammallashdi”.

Autizm bola hayotining birinchi uch yilida ayon bo’ladi. Shu bois Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi barcha bolalarni bir yarim, ikki va ikki yarim yoshda maxsus tekshiruvdan o’tkazishni talab qiladi.

Suzan Xeyman - Amerika pediatriya akademiyasining autizm bo’yicha bo’limi rahbari. Bola yoshi 4 ga kirgunicha kutish noto’g’ri, deydi u. Autizm qancha vaqtli aniqlansa, terapiyani ham shuncha erta boshlash mumkin, demak bola ham shuncha kam qiynaladi, deydi Xeyman.

Ota-onalar yosh bolada g’ayrioddiy harakatlarni kuzatsa, darhol mutaxassisga murojaat qilsin, bolaga tashxis qo’yilishi kerak, deydi mutaxassis.

“Narsalarni qo’li bilan ko’rsatmaydigan, odam ko’ziga tik qaramaydigan bolada autizm bo’lishi mumkin. Lekin boshqa holatlar ham kuzatiladi. Xavotirga o’rin bo’lsa, ota-ona bolani doktorga ko’rsatishi kerak”.

Autizm chegara bilmaydi. Dunyo bo’ylab unga 67 million bola chalingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG