Iyun oxirida AQSh Oliy Sudi sog’liqni saqlash sohasiga oid islohot yuzasidan qaror chiqaradi. Prezident Barak Obama olg’a surgan qonunga ko’ra, bugun barcha amerikaliklar tibbiy sug’urta sotib olishi shart. Ayrimlar bunday talab konstitusiyaga zid, deb uni bekor qilishni so’raganidan so’ng masala Oliy Sudga oshirilgan. Munozaralar davom etar ekan, tibbiy yordam va sug’urta narxlari oshib bormoqda. “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan bir ekspert fikricha, tibbiy xizmat sifatini saqlab qolib, bahosini pasaytirish yo’llari bor.
Obama islohotidan norozi amerikaliklar mart oxirlarida namoyish uyushtirdi. Oliy Sud prezident loyihasini ko’rib chiqayotgan edi. AQShda tibbiy xizmat qimmat. Sug’urtasiz undan foydalanishning imkoni yo’q. Ammo bunaqa kafolat qog’oziga ham ancha pul to’lash kerak. Taxminan 50 million amerikalikning bugungi kunda sug’urtasi yo’q.
Doktor Donald Bervik sog’liqni saqlash tizimi bo’yicha ekspert. Yaqingacha keksalar va yo’qsillar uchun davlat sug’urta dasturini boshqargan. Hozirda Amerika progressi markazida tadqiqot olib borayapti.
“Narxlarni pasaytirishning eng yaxshi yo’li kamroq tibbiy xizmat ko’rsatish emas, sifatni oshirish”, deydi u.
Doktor Bervik fikricha, agar tibbiyot sohasi xodimlari qonun-qoidaga amal qilsa, ishdagi xatolar kamayadi, masalan, operasiyadan keyin bemorga noto’g’ri dori berilmaydi. Demak umumiy xarajat ham pasayadi. Yoki bemor ham terapevt, ham kasallik bo’yicha tor mutaxassisga murojaat qilsayu, ular bir-birining maslahati va davolash uslubidan bexabar bo’lsa, ayni dori yozib berishi yoki bir xil analizlar o’tkazishi mumkin. Bu holda ham xizmat narxi oshadi. Ayrim hollarda davolashga hojat bo’lmasada, doktor uni maslahat berishi mumkin, deydi Bervik.“Masalan, virus infeksiyasiga qarshi antibiotik beriladi. Bakteriyaga qarshi dori virusni davolamaydi. Lekin doktorlar yozaveradi”.
Bundan tashqari, shifokor va hamshiralarning yozish-chizishi ko’p.
“Sog’liqni saqlash sohasini yurituvchi kompaniyalar har xil tibbiy anketalarni, shakllarni to’ldirishni talab qiladi. Shifokor, hamshiralar majbur. Lekin bular oddiy qog’ozbozlik”.
Tashxis ham ancha qimmat, deya e’tirof etadi suhbatdosh. Bir misol: AQShda kompyuter tomografiyasi, magnit-rezonans tomografiyasi boshqa mamlakatlarga qaraganda ancha qimmat.
Amerika yalpi ichki mahsulotining 17 foizi sog’liqni saqlashga sarflanadi. Aholi bundan keyin ham tibbiy xizmatga karmondan tobora ko’proq pul ajratishi kutilmoqda. Xususan, kelasi 8 yilda bu raqam 20 foizgacha o’sadi.
“Narxlarni pasaytirish, isrofgarchilikni kesish maqsadida tibbiy xizmatni yaxshilamasak, ahvolimiz g’oyat og’irlashadi. Ha, oqibati juda yomon bo’ladi”.
Lekin narxlar pasaysa, samarali davolash uslublari va dori-darmon uchun ham mablag’ topiladi, deydi doktor.