Breaking News

Ozarbayjon hukumati jurnalistlarga tazyiqni oshirmoqda


Ozarbayjon hukumati "Ozodlik" radiosining Bokudagi idorasini yopgan. Jurnalistlarga ishni to'xtatish buyurilgan. Pragada asoslangan radio rahbariyati nazarida Ozarbayjon o'z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini qo'pol ravishda buzmoqda.

Ozarbayjonda matbuotga tazyiq, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:37 0:00

"Ozodlik" bosh muharriri Nenad Pejichning aytishicha, prokuratura xodimlari idoradagi hujjatlarni olib ketib, jurnalistlarni kechgacha so'roqqa tutgan. Tintuv sabablari tushuntirilmagan.

"Aniq bir gap aytilmayapti. Bilgan narsamiz shuki, ishimizni tekshirishmoqda", - deydi u.

Pejich deydiki, tintuvni kutilmagan hol deb bo'lmaydi. Hukumat so'nggi paytlarda mustaqil matbuotga qarshi bosimni oshirgan. Oxirgi uch yil davomida har yili kamida 200 jurnalist hibsga olingan.

"Ozodlik" radiosi va "Amerika Ovozi" singari axborot vositalarini boshqaruvchi AQSh xalqaro teleradio kengashi Ozarbayjon hukumatini Bokudagi byuro faoliyatini zudlik bilan qayta tiklashga chaqirdi.

AQSh Davlat departamenti voqeani qoralab, Ilhom Aliyev ma'muriyatini matbuot erkinligini himoya qilish bo'yicha xalqaro majburiyatlarini bajarishga chaqirmoqda.

Shu oy boshida Boku sudi "Ozodlik" radiosining taniqli muxbiri Xadicha Ismoyilovani tergov tugaguncha ikki oy qamoqda saqlab turish haqida hukm chiqargan edi. Ismoilova bir odamni o'z joniga qasd qilishga undaganlikda ayblanmoqda. Jurnalistni ozod qilishni so'rab topshirilgan da'vo arizasi qanoatlantirilmagan.

Pejichning aytishicha, Bokudagi jurnalistlar o'z uylaridan turib ishlashni davom ettirmoqda. Bu radioning kundalik faoliyatiga jidiy ta'sir ko'rsatmaydi; asosiy ishlar Pragadagi ofisdan bajarilmoqda, deydi u.

"Ozodlik" radiosi eksperti Orzu Gaybullaeva fikricha, tintuv o'tkazilishi aniq edi, ammo u ogohlantirishsiz amalga oshirildi.

Idora boshlig'i Ramiz Mehdiyevning o'zi byuroni sotqinlikda va yolg'on xabarlar tarqatayotganlikda ayblagach, nimadir sodir bo'lishi aniq edi, deydi mutaxassis.

AQSh Ozarbayjon hukumatidan Ismoilovani ozodlikka chiqarishni so'ramoqda. Pejichga ko'ra, jurnalistning hibsga olinishi uning mamlakatda korrupsiya va inson huquqlariga oid vaziyatni yoritayotgani bilan bog'liq. Ismoilova ikki yildan beri hukumat ta'qibi ostida edi, deydi u.

Xadicha Ismoyilova Prezident Ilhom Aliyev oilasiga yaqin shaxslarning noqonuniy biznes faoliyatlari haqida ham keng tekshiruv olib borgan.

Gaybullayeva fikricha, Bokudagi byuroning yopilishi mamlakatdagi so'nggi mustaqil axborot manbalaridan biri faoliyatiga nuqta qo'yilganini anglatadi. Byuro qayta ochilmasa kerak, deydi u.

"Ozarbayjonda mustaqil fikrga berilgan so'nggi zarba bu. Boshqa biror odam qolmadi", - deydi u.

"Ozodlik" radiosining Ozarbayjon xizmati 1953-yildan beri ishlab keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG