Amerika xalqaro teleradio kengashi (The Broadcasting Board of Governors) Ozarbayjonda taniqli jurnalist Xadija Ismayilova panjara ortida saqlanayotganini keskin qoralab, uni darhol ozod etishga chaqirmoqda.
Prokuratura uning ishini ko'rib chiqar ekan, sud kecha Bakuda Ismayilovani hibsga olishni buyurgan. Hukmga ko'ra, u ikki oy qamoqda o'tiradi.
Nima uchun? - deya so'ramoqda, AQSh xalqaro teleradio kengashi. Bu organ "Amerika Ovozi" va "Ozodlik" singari axborot vositalarini boshqaradi.
Xadija Ismayilova har ikki tashkilotda ishlagan. Bir necha yildan beri "Ozodlik" radiosida o'z eshittirishini olib boradi va Ozarbayjon hukumati ishini tanqid qilib nom qozongan. Jurnalist prezident Ilhom Aliyev va uning oilasini xalq mulkini o'marayotganlikda, neftga boy davlatda daromadni jamiyat ravnaqi uchun emas, o'zi uchun sarflayotganini fosh etuvchi materiallar muallifidir. Jurnalistik tekshiruvlari uchun u ko'p marta nishonga olingan, shaxsiyatiga hujumlar qilingan, doimiy tahdid ostida faoliyat yuritgan.
Chet ellik delegatsiyalar, jumladan amerikalik siyosatdonlar bilan uchrashgani uchun unga josuslik aybi qo'yilgan. Aybdor deb topilsa, uch yildan yetti yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Amerika xalqaro teleradio kengashi nazarida, Xadija Ismayilova taqdiri Ozarbayjonda erkinlik qanchalik cheklangani, tuzum naqadar beshafqat va vijdonsiz ekanini ko'rsatadi.
Jurnalist erkin ishlay olishi kerak, deydi Jeff Shell, kengash raisi.
Xadija Ismayilova oxirgi paytda chet elga chiqarilmayotgan edi.