Breaking News

Baltimor politsiyasi yoshlar ishonchini qozonishga urinmoqda


Baltimor, to'polonlardan bir yil o'tib
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:38 0:00

Baltimor, to'polonlardan bir yil o'tib

O’tgan yili shu kunlar Merilend shtatining Baltimor shahri zo’ravonliklarga guvoh bo’lgan edi. Qora tanli yigitning politsiya mashinasida o’lim topishi aholi orasida politsiyaga qarshi zo’ravon namoyishlarni avj oldirdi. Oradan bir yil o’tib aholi va huquq-tartibot organlari o’rtasida ishonchni qayta tiklash ishlari hanuz davom etmoqda.

2015-yil aprel oyida baltimorliklar politsiya bilan to’qnashdi.

Zo’ravon namoyishlar uzoq davom etdi. 25 yoshli Freddi Greyning politsiya qo’lida o’lim topishi qora tanli amerikaliklarga nisbatan mavjud kamsitishlarni fosh qildi, deydi faollar.

Sinfxonada o’zaro ishonch haqida dars bo’lyapti.

“Do’konga borsangiz, mijozlarga xizmat ko’rsatishadi. Restoranga kirsangiz, sizga juda yaxshi munosabatda bo’lishadi. Shunday emasmi? Politsiya zobitlari bilan biz ham xuddi shuni yo’lga qo’ymoqchimiz. Yoshlar bilan ishlash bo’yicha boshqacha mashg’ulotlar o’tyapmiz. Tan olish kerak, shahrimizda ko’plab muammolar, zo’ravonliklar bor”, - deydi politsiya zobiti Akil Hem.

Baltimor maktablari uchun mas’ul politsiya idorasida ishlovchi Akil Hem va boshqa murabbiylar aloqani yaxshilash uchun o’quvchilar bilan uchrashmoqda.

Politsiya ishini yaxshilash bo’yicha o’quvchilar ham o’z fikrini aytdi.

“Yaxshiroq tayyorgarlikdan o’ting. Masalan, menga o’xshagan birortasiga yo’liqsangiz, darhol kuch ishlatishga tushib ketasizlar”, - deydi o’quvchilardan biri.

“Sizga o’xshagan, politsiya bilan yomon munosabatga uchragan ko’plab yigitlar bor”, - deydi politsiyachi.

Hem yoshlarga politsiya bilan qanday muomala qilishni o’rgatmoqda.

“Ular bilan talashib-tortishishdan foyda yo’q. Ularning qo’lidan eson-omon chiqib, shikoyat qilishni xohlasangiz, bunday qilmang”, - deydi u.

Ayrimlar politsiyachi qanday yo’l tutganini amalda ko’rsatib berishga urindi.

Ana shunday qo’pol munosabat tufayli yoshlarda huquq-tartibot xodimlariga ishonch yo’q. Maktablarda ham bunday noxush holatlar ro’y bergan.

“Ular sizni idorasiga olib ketishni xohlasa, sinfdan sudrab olib chiqishadi, yo’lda esa urib-tepishadi”, - deydi o’quvchilardan biri.

“Biror muammoga duch kelsak, vaziyatni yumshatishga harakat qilamiz. Jahlingiz chiqqan bo’lsa, bundan foyda yo’q, aksincha, vaziyatni battar yomonlashtiradi”, - deydi Hem.

Politsiyachining umid qilishicha, ana shunday muloqotlar davom etsa, aholi va huquq-tartibot organlari o’rtasida yaxshiroq aloqa o’rnatish imkoniyati oshadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG