Breaking News

Arzon mehnat kuchi izlagan kompaniyalar xavfsizlikni ta'minlay oladimi?


Arzon ishchi kuchi va G'arb sanoati/Safety issues in garment factories
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:04 0:00

Arzon ishchi kuchi va G'arb sanoati/Safety issues in garment factories

Bangladeshda aprel oyida to’qimachilik fabrikasi qulashi oqibatida 1200 dan ziyod odam nobud bo’lgan edi. Shundan beri bu sanoatda binolar xavfsizligini oshirish, mehnat sharoitini yaxshilashga talab ortgan.

Yevropada qator kompaniyalar bunga rozi bo’lib shartnoma imzoladi. Ammo Qo’shma Shtatlarda aksariyat chakana savdo firmalar bitimga qo’shilmoqchi emas.

Bino mo’rt ekani e’lon qilingach, bir necha kun o’tib imorat qulagan. Ammo xodimlardan ishga kelish talab qilingan.

Qonunchi Jorj Miller to’qimachilik sanoati ishchilarining huquqlari uchun kurashib keladi va yaqinda Bangladeshda bo’lib qaytdi. U ayb qisman chakana savdo industriyasida, deydi. Fabrikalar o’rtasida tinimsiz raqobat kuchli.

“Fabrika sohiblari hamisha stressda. Yangi shartnoma imzolay olamanmi-yo’qmi, deb vahimada. Bunaqa muhitda ishlash sharoitini yaxshilash xayolga keladimi? Shu bois biznes egalari uchun binolar xavfsizligini ta’minlash birlamchi masala bo’lmay qolgan”, - deydi Miller.

Bangladeshdagi halokat jamoatchilikni junbushga keltirdi. Fojea ketidan Yong’in va xavfsizlikka doir bitim muhokamaga olib chiqildi. Hujjatga ko’ra, Bangladeshda savdogalar bino va xodimlar xavfsizligiga muntazam ko’z-quloq bo’lishi shart.

Qonunchi Miller Amerika firmalarini ham mazkur bitimga qo’shilishga undayapti. Lekin hozircha sanoqlilari rozi. Ayni paytda, Yevropada taxminan 40 kompaniya kelishuvni imzoladi.

“Amerikada aksariyat firmalar dallol-vositachidan foydalanadi. Zavodda biror kulfat ro’y bersa, mas’uliyatni o’zidan soqit qilish uchun. Yevropada esa ko’pincha xavfsizlik choralarini kuzatish uchun alohida odamlar yollanadi”, - deydi Miller.

AQSh firmalari o’zini qonun oldida himoya qilishni o’ylaydi, deydi ekspert Kimberli Elliott:

“Amerikada kompaniyalari sudga tortilmaslikning yo’lini oldindan qiladi. O’zlari egalik qilmagan zavodda xodimlar sog’ligi va xavfsizli uchun to’lash majburiyatini bo’yniga olishni istamaydi”.

Buning o’rniga kiyim-kechak kompaniyalari, jumladan, “Wallmart” va “Gap” kabi firmalar mavjud qonun-qoidalar bilan cheklanmoqchi. Bu ikki firma “Amerika Ovozi”ga intervyu berishdan bosh tortdi. Ammo “Gap” matbuot kotibi bergan yozma bayonotida ta’kidlanadiki, kompaniya yangi hujjatdagi maqsadlarga xayrixoh, biroq Bangladesh hukumati, mahalliy sanoatlar va ishchilarga unda yetakchi o’rin berilishi kerak.

Kimberli Elliott so’zlariga ko’ra, Bangladeshda fabrika qulagani va boshqa bir fabrika yongani amaldagi qoidalar ishlamayotganidan dalolat beradi:

“To’qimachilik sohasi nihoyatda qaltis. Ayrim siljishlar ro’y berayapti. Ba’zi idoralar ishini talab darajasida barajayapti, bular yechim emas. Chunki hozir qilinayotgan ishlar asosan kompaniya nomini himoya qiladi, ishchini emas”.

Davlat departamentiga ko’ra, Amerika chakana savdo kompaniyalari yangi bitimga qo’shilish-qo’shilmaslikni mustaqil hal qiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG