AQShda prezident saylovlariga sanoqli kunlar qolmoqda. Ikki yirik partiyadan asosiy nomzodlar ikkilanib turgan shtatlarda tashviqotni kuchaytirgan.
So’nggi kunlarda Xillari Klinton va Donald Tramp Ogayo, Nyu-Gempshir, Florida va Nevadaga tez-tez qatnab turibdi. Kuzatuvchilarga ko’ra, aksariyat shtatlarning kimga ovoz berishi hozirdan ma’lum - ba’zi shtatlar azaldan demokratlarga, boshqalari esa respublikachilarga ovoz berib kelgan.
Shu sabab, deydi Jorjtaun universiteti siyosatshunosi Stiven Veyn, bu shtatlarda targ’ibot ishlariga ko’p pul sarflashga hojat yo’q.
Jorj Meyson universiteti eksperti Jeremi Meyerning aytishicha, nomzodlarning butun diqqati hozir ikkilanib turgan shtatlarga qaratilgan.
“So’nggi paytlarda nomzodlar saylov kampaniyasini, asosan, taxminan 12 shtatda olib boradi. Bu shtatlar ro’yxati har safar o’zgarib turishi mumkin, ammo so’nggi uch saylovda katta o’zgarish kuzatilmagan", - deydi Meyer.
1992-yildan beri demokratlar ikkilangan shtatlarda qo’li baland kelgan. Shu sabab, respublikachi Trampga oson bo’lmaydi, deydi tahlilchi Ostin Xart.
“Tramp Florida, Ogayo, balki Kolorado va Nevadada yutmasa bo’lmaydi. Pensilvaniyada ham ortiqcha g’ayrat ko’rsatishi kerak. Trampga ish ko’p”, - deydi mutaxassis.
Yana bir tahlilchi Jennifer Lolesning aytishicha, saylovga sanoqli kunlar qolganda nomzodlar 5-6 shtatdagi kichik sonli guruhlarga butun e’tiborini qaratadi.
“Gap hozir mustaqil saylovchilarda. Aniqroq aytadigan bo’lsak, ikkilanib turgan shtatlardagi mustaqil saylovchilarda. Aholining juda ham kichik foizi nazarda tutilyapti”, - deydi Loles.
So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, Klinton bir necha shunday shtatda oldinda ketmoqda, Tramp esa Ogayo, Florida va Shimoliy Karolinada raqibi bilan deyarli teng ovoz olishi mumkin.