Eng ko’p milliarderlar yashaydigan shaharlar o’rasida Xitoy poytaxti – birinchi. Tarixda ilk bor Pekin bu “unvon”ni Nyu-Yorkdan tortib oldi.
Badavlat odamlar haqida turli tadqiqotlar o’tkazib, reytinglar chiqaradigan va jurnal chop etadigan “Hurun” xitoy firmasining xulosasiga ko’ra, Pekinda bugun 100, Nyu-Yorkda esa 95 nafar milliarder yashaydi.
Xitoy aksiyalari narxlari doim o’zgarib turishi va iqtisodiy o’sish sur’atlari pasayganiga qaramay bu mamlakatda yashaydigan milliarderlar boyligi oshib bormoqda.
“Hurun” hamda badavlat odamlar ro'yxatini tuzuvchi “Forbes” metodologiyasi bir-biridan farq qiladi. Shu bois reytinglar orasida farq bo’lishi mumkin.
"Hurun" asoschisi Rupert Xugverfning fikricha, Xitoyda boyvachchalarning keskin ko’payishiga ko’plab kompaniyalar aksiyalarining ochiq bozorga chiqqani sabab bo’ldi.
Moskvada 66, Gonkongda 64, Shanxayda esa 50 milliarder istiqomat qiladi, deydi Hurun.
Xitoydagi eng badavlat odam Van Jianlin global reytingda 21-o’rinda. Undan oldinda AQShning “Wal-Mart” kompaniyasi, Shvetsiyaning “IKEA” kompaniyasi rahbarlari, braziliyalik investor Xorxe Paulo Leman va boshqalar turibdi.
Birinchi yuzlikka kirgan xitoylik boyvachchalar orasida “Alibaba” asoschisi Jek Ma, ichimliklar chiqaradigan kompaniya rahbari Zon Sinxu va “Xiaomi” texnologiya kompaniyasi, “Tencent” hamda “Baidu” internet kompaniyalari rahbarlari bor.
Xugverfning so’zlariga ko’ra, hozirda Xitoyda o’zi ishlab, boylik orttirganlar, AQShda esa aktivlarini meros olganlar ko’p.