Yevropa rasmiylari Birinchi jahon urushida halok bo'lgan askarlarni xotirlayapti. Belgiya urush boshlanganiga 100 yil to'lishi munosabati bilan xotira marosimlari o'tmoqda.
Belgiya qiroli Felipe va qirolicha Matilda marosimga mezbonlik qilayapti. Bu davlat askarlari urushning ilk kunlarida Germaniya bosqiniga qarshi kurashgan, Fransiyaga hujumni birmuncha kechiktirishga muvaffaq bo'lgan edi.
Yig'inda Fransiya rahbari Fransua Olland, Germaniya prezidenti Yoaxim Gauk, Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron ishtirok etdi, shuningdek, Britaniya shahzodasi Vilyam qatnashdi. So'zga chiqqan mehmonlar Yevropa davlatlari o'rtasida birdamlik haqida gapirdi. Urushda o'zaro jang qilgan bu mamlakatlar bugunda ittifoqchilar, hamkorlar.
1914-yilning 4-avgustida Germaniya Belgiyaga hamla qilgan; Britaniya esa urush e'lon qilib keng qamrovli harbiy harakatlar boshlanib ketgan.
Taraflar urush bir yildayoq tugashiga ishonchi komil edi. Biroq qonli, shafqatsiz janglar to'rt yildan oshiq davom etdi.
Dushanba kechqurun Britaniyadagi me'moriy obidalarda chiroqlar bir soatga o'chirildi. Shu tariqa Fransiyaning ittifoqchisi Britaniya Germaniyaga urush ochgan damlar xotirlandi.
Fransiya rahbari Olland bugun Germaniya va Fransiya o'rtasidagi mustahkam rishtalarni, tinchlikka asoslangan munosabatlarni olqishladi. Ammo Yevropa Ittifoqi oldida murakkab iqtisodiy, siyosiy dovonlar turganini e'tirof etdi.
Germaniya prezidenti Gauk Yevropa qiyinchiliklar bilan yuzlashayotganini tan oldi. Lekin Birinchi jahon urushida jang qilgan askarlar o'z davri muammolarini bugungi Yevropa muammolariga jon deb almashgan bo'lishi aniq edi, deydi Gauk.