Breaking News

Birmadagi diniy zo'ravonliklar yuzasidan xavotirlar


Roxinja musulmonlari
Roxinja musulmonlari
Birmaning Rakxayn shtatida musulmon va buddistlar o’rtasidagi to’qnashuvlar natijasida kamida uch odam nobud bo’lgan. AQSh va boshqa davlatlar hukumatlari Birma xavfsizlik kuchlarining hodisalarga aloqadorligi yuzasidan xavotir bildirdi. Ammo Birma hukumati zo’ravonliklar yuz berganini inkor etmoqda.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi tashkilotlar qurbonlar ismlarini bilishga harakat qilmoqda. Ma’lumotlarga ko’ra, to’qnashuvlar 14-yanvar erta tongda Birmaning Rakxayn shtatidagi Du Chi Yar Tan qishlog’ida ro’y bergan.

Hodisaga politsiya zobitining g’oyib bo’lishi turtki bo’lgani aytilmoqda. U anchadan buyon roxinjaliklardan pora undirib kelgan, mahalliy aholi esa bunga qarshi chiqqan, deydi huquq faollari.

Birma hukumati zo’ravonliklar yuz berganini inkor etmoqda. Ammo AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Jennifer Psaki ayrim ma’lumotlar tasdiqlanganini aytib, voqea yuzasidan xavotir bildirdi.

“Bir necha odamning nobud bo’lgani, ko’plarning tan jarohati olgani, kamida bir odamning bedarak yo’qolgani, yuzlab fuqarolarning uyidan qochishga majbur bo’lgani, uylari va mulkining esa talon-taroj qilingani haqidagi xabarlar bizni qayg’uga soldi. Xavfsizlik kuchlari haddan tashqari keckin choralar ko’rgani ham tashvishlanarli hol,” - dedi AQSh rasmiysi.

Rakxayndagi zo’ravonliklar 2012-yil iyun oyidan beri kuzatiladi. Ammo asosan musulmonlar yashovchi qishloqlarning uzoqda joylashganligi va xavfsizlik choralarining qattiqligi zo’ravonliklar haqidagi xabarlarni tasdiqlashni qiyinlashtirmoqda.

“Chegara bilmas shifokorlar” xalqaro tashkiloti mutaxassislari jarohatlangan ikki kishi, jumladan o’q yegan odamga tibbiy yordam ko’rsatganini aytdi. Tashkilotning Birmadagi vakili Piter-Pol de Grut hodisadan keyin tashkilotga qarashli tibbiy markazga juda kam odam murojaat qilganini bildirdi.

Rakxayndagi “Arakan loyihasi” nomli inson huquqlari nodavlat tashkiloti vakili Kris Lua kamida uch odam nobud bo’lganini tasdiqladi. Ular pichoqlab ketilgan, hududda vaziyat tobora taranglashmoqda, deydi faol.

“Hujum bo’lganiga shubha yo’q. Unda Rakxayn qishlog’idan odamlar qatnashgani ham aniq. Politsiya zo’ravonliklarga aralashdimi, yo’qmi, hozircha aniqlay olmadik. Lekin ular to’qnashuvlarni to’xtatish uchun hech qanday chora ko’rmaganini bilamiz,” - deydi faol.

Luaning aytishicha, ekstremist qarashdagi buddistlarning “969” nomi ostida tanilgan guruhi musulmonlarga qarshi targ’ibot ishlari olib boradi. Dekabr oyida guruh vakillari musulmonlarga qarshi ibodat ham o’tkazgan. Bu esa musulmon va buddistlar orasidagi aloqalarni yanada taranglashtirdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG