Breaking News

Au San Su Chi AQSh Kongressidan oltin medal oldi, prezident Obama bilan uchrashdi


Kongress, 19-sentabr, 2012
Kongress, 19-sentabr, 2012
Birma muxolifati yetakchisi Au San Su Chi 17 kunlik AQSh safarini davom ettirmoqda. Bugun u Kapitoliyda demokratiya yo’lida olib borgan sa’y-harakatlari uchun AQSh Kongressining eng oliy mukofoti - Oltin Medal bilan taqdirlandi. Mazkur mukofotga Au San Su Chi 2008-yil Birmada uy qamog’ida saqlanayotgan paytda munosib ko’rilgan edi.

Birma muxolifati yetakchisi Kongressda, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:58 0:00
Yuklab oling


Birma harbiy rejimiga qarshi uzoq yillar kurash olib borgan 66 yoshli demokrat Vashingtonda rasmiylar tomonidan iliq kutib olindi. U Kongressda har ikki partiyaga mansub qonunchi vakillar bilan uchrashdi.

Au San Su Chi Kapitoliyda so'zlar ekan, diktaturaga qarshi kurashda u bilan yelkama-yelka turib kurashgan faollar va maslakdoshlarini yodga oldi.

66-yoshli arbob Demokratiya uchun AQSh Jamg’armasi (National Endowment for Democracy) ning 2012-yilgi sovrini bilan taqdirlanadi.

Bugun u ilk bor prezident Barak Obama huzurida bo’ldi. Yopish eshiklar ortida kechgan uchrashuvni Au San Su Chi “hayotimdagi eng hayajonli damlar” deya ta’riflagan.

Barak Obama Au San Su Chi bilan muloqotda, 19-sentabr, 2012
Barak Obama Au San Su Chi bilan muloqotda, 19-sentabr, 2012
Obama o’z bayonotida 14 yilni uy qamog’ida o’tkazgan muxolifat yetakchisining jasorati va shijoatiga tasanno aytdi.

Au San Su Chi AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton ham alohida uchrashdi. U AQSh tomonidan Birmaga qo’yilgan iqtisodiy jazo choralari yumshatiladi degan umidda.

Lider 18-sentabr kuni “Amerika Ovozi”ning Vashingtondagi markaziy idorasiga tashrif buyurdi. Tashrif chog’ida u o’z yurtida demokratiyaning to’la shakllanishi uchun mavjud rejim islohotlarni qo’llab-quvvatlashi lozimligini ta’kidladi.

“Hozirgi konstitutsiyaga ko’ra, harbiylar, agar lozim deb topishsa, hukumatni butunlay qo’lga olish huquqiga ega. Shuning uchun ularning qo’llab-quvvatloviga erishmasdan turib demokratiyaga to’la erishib bo’lmaydi. Biz mavjud vaziyatdan ko’p xavotirga ham tushmasligimiz kerak”, -deydi Birma muxolifati rahbari.

Mamlakat bir necha o’n yillardan beri harbiylar nazorati ostida bo’lgan. Har qanday muxolif qarash kuchli tazyiq ostiga olingan. Shuning uchun AQSh va boshqa G’arb davlatlari Birma hukumatiga qarshi iqtisodiy jazo choralarini joriy etgan.

2010-yilgi saylov natijasida Birma hukumatiga harbiy bo’lmagan yangi rahbarlar keldi. Ammo ular ham harbiylar bilan yaqin hamkorlikda ishlaydi. Shunday bo’lsa-da, so’nggi yillarda mamlakatda bir qator ijobiy siyosiy islohotlar amalga oshirilayotgani ko’zga tashlanmoqda.

“Amerika Ovozi” ga bergan intervyusida Au San Su Chi AQSh hukumati Birmaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni tezroq bekor qilishidan umidvor ekanini aytdi.

“Jazo choralarining Birma iqtisodiyotiga salbiy ta’sir qilishi haqida ko’p gapirishdi. Ammo men bu fikrga qo’shilmayman. Xalqaro Valyuta Jamg’armasi hisobotiga qarasangiz, sanksiyalarning iqtisodiy ta’siri sezilarli darajada bo’lmaganini ko’rasiz. Ammo ularning siyosiy oqibatlari katta bo’ldi. Demokratiya yo’lidagi kurashimizga ham bu ta’sir etdi”, - deydi u.

Au San Su Chi muxolifatdagi Demokratiya Milliy ligasi yetakchisi sifatida qariyb 20 yil uy qamog’ida saqlandi. Bu yillar davomida umidimni uzmadim va kelgusidagi o’zgarishlar uchun o’zimni tayyorladim; zulm ostidagi boshqa davlatlar xalqiga ham shuni tavsiya etaman, deydi u.

“Avvalo, umidingizni uzmang. Ayni paytda, harakatsiz umiddan foyda yo’q. Ishlashingiz, harakat qilishingiz kerak. Faqat o’tirib umid qilishning o’zi kifoya qilmaydi. Orzularingiz ro’yobga chiqishi uchun mehnat qilishingiz kerak”, - deydi muxolifat yetakchisi.

Kelasi hafta Birma prezidenti Teyn Sheyn ham AQShda bo’lib, BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasida nutq so’zlashi kutilmoqda.

Au San Su Chining "Amerika Ovozi"ga tashrifi:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG