Amerikada “Qora tanlilar ham odam” deb nomlangan harakat politsiya zulmiga va irqiy diskriminatsiyaga chek qo’yishni o’zining bosh maqsadi deb biladi. Ommaviy namoyishlar orqali bu masalaga e’tiborni qaratadi.
“Adolat bo’lmasa, tinchlik ham bo’lmaydi”, “Taslim bo’ldik, bizni otmang” degan hayqiriqlar 2015-yilda Amerikaning deyarli barcha shaharlarida yangradi.
“Qora tanlilar ham odam” harakati so’nggi ikki yilda ancha a’zo to’pladi. Bunga asosiy sabab qurolsiz afro-amerikaliklarning politsiya tomonidan o’ldirilishidir.
Faollarning aytishicha, huquq-tartibot xodimlari qora tanlilarga jinoyatchi deb qarashga, ularni ajratishga o’rganib qolgan. Harakatimiz faollashib boraveradi, deydi Denis Rodrigez.
“Mana shu uyushma atrofda bo’layotgan adolatsizliklarga ko’zimizni ochdi. Safimiz kengayib borayapti, biz boshlagan ish albatta samara beradi”, - deydi u.
Yosh qora tanli faollardan iborat harakat namoyishlar bilan tanilgan, ijtimoiy tarmoqlarda ham faol. Qonunchilar, Oq uyga harakat qilayotgan siyosatchilar, hatto prezident ham bu harakatni chetlab o’tolmaydi, deydi tahlilchi Elsi Skott.
“Huquq-tartibot va adliya tizimi islohotga muhtoj ekani haqida yana gapira boshladik. 2001-yildan keyin e’tibor faqat davlat xavfsizligida bo’lib qolgan edi”, - deydi u.
Ruhoniy Erl Jekson esa qora tanlilar yashovchi mahallalarda qashshoqlik, jinoyatchilik keng tarqalganini ham unutmaylik, deydi.
Uning aytishicha, yoshlar bunday joylarda muntazam hibsga olinishi, zo’ravonlik qurboniga aylanishi bejiz emas. Qora tanlilar orasida bir-birini o’ldirish hollari, qotilliklar ko’pligini ham qayd etish lozim, deydi pastor.
“Hayotdagi barcha muammolarni diskriminatsiyaga, politsiya zo’ravonligiga to’nkash to’g’ri emas. Asl muammolarga ko’z yumish degani bu”, - deydi Jekson.
Advokat Nkechi Taifa bunday fikrda emas:
“Boshqalarning hayoti muhim emas demayapmiz. Amaldagi qonunlar va hozirgi tartib-qoidalardan jamiyatning muayyan qatlami jabr ko’rayotganini ko’rsatmoqchimiz”, - deydi u.
Sobiq politsiyachi Leon Trit nazarida “Qora tanlilar ham odam” harakati jamiyatni birdamlikka ham undashi kerak.
“Politsiyani dushman qilib ko’rsatishmasin deyman. Shunday bir muhit yoki platforma yaratish kerakki, odamlarning bir-biriga ishonchi ortsin, kelishmovchiliklar muloqot yo’li bilan hal etilsin”, - deydi u.
Qora tanlilar harakati yetakchilari butun mamlakat bo’ylab politsiya idoralari bilan aloqani yo’lga qo’ygan. Ammo afro-amerikalik yoshlar ko’pincha politsiya nishoniga aylanishi, qamoqqa olinishi hollari namoyishlarning asosiy mavzusi bo’lib qolaveradi.