16 fevral kuni Ashgabatda AQSh-Turkmaniston rasmiylari uchrashib, xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik borasida gaplashgan.
Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan o'tgan muzokaralarda, shuningdek, inson huquqlari, qoradori savdosiga qarshi kurash, ta'lim va maorif masalalari ham ko'tarilgan.
Delegatsiya tarkibida nafaqat diplomatlar, balki AQSh Energetika vazirligi xodimlari, Oq Uy rasmiylari va Turkmanistonga sarmoya olib kirishga qiziqqan biznesmenlar bor.
Turkmaniston, Afg'oniston, Pokiston va Hindistonni bog'lovchi gaz quvuri loyihasi muhokama qilingan. AQSh bu loyihani quvvatlashga tayyor.
"Ushbu proyekt amalga oshsa, undan nafaqat Turkmaniston balki Afg'oniston ham katta foyda ko'radi", - deydi Robert Bleyk, AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini, Ashbagatda so'zlar ekan.
"Minglab yangi ish o'rinlari yaratiladi, daromad oshadi".
Uchrashuvlar so'ngida Robert Bleyk jurnalistlardan tushgan savollarga javob berdi.
Amerika rasmiylari inson huquqlari haqida gapirganda, Turkmaniston tomon qanday munosabat bildirdi?
Bleyk: Ochiqchasiga gaplashib oldik. Masalan Turkmanistonda "Ozodlik" radiosi xodimlari ta'qibga uchrayotganini aytdik. Jurnalistlarga qo'yilayotgan cheklovlar bekor qilinadi degan umiddamiz, toki ular bemalol ishlay olsin.
Turkmaniston, Afg'oniston, Pokiston va Hindistonni bog'lovchi gaz quvuri loyihasi, Nabukko loyihasi ham bor. Ular bir-biriga qarshi emasmi?
Bleyk: Umuman olganda, AQSh Turkmaniston o'z boyliklarini eksport qilish uchun iloji boricha ko'proq imkoniyatlarga ega bo'lsin deydi. Shu bois Nabukko va bu loyiha bir-biriga qarshi emas degan bo'lardim.
Agar loyiha ishga solinsa, unda AQSh kompaniyalari ham hissa qo'shadimi?
Bleyk: Bu borada endi gaplashishni boshladik, hali biror qarorga kelinmagan.
Bu loyiha notinch Afg'onistonni ham o'z ichiga oladi. Quvur xavfsizligi nima bo'ladi yoki AQSh kuchlari uni himoya qilishi rejalanganmi?
Bleyk: Birinchidan, AQSh qo'shinlari 2014 yilga borib xavfsizlikni mahallliy armiya zimmasiga topshirishi ko'zlangan. NATOning o'tgan yili Lissabonda o'tgan sammitida shunga kelishib olingan. Xavfsizlik nozik masala ekani albatta hammaga ma'lum. Biz bu haqda gaplashdik. Lekin ushbu loyiha iqtisodiy jihatdan qanchalik muhim ekanini ham unutmaslik kerak. Muzokaralar davom etmoqda va Vashington bu proyekt amaliyoti uchun qo'ldan kelgan barcha yordamni berishga tayyor.
Qirg'izistondagi Manas tranzit markazi bilan bog'liq muammolar haqida bilamiz. Amerika o'z havo kuchlarini yonilg'i bilan ta'minlash va ularni joylashtirish uchun Turkmanistondan yordam so'rayaptimi?
Bleyk: Birinchidan, Manas tranzit bazasida muammo bilan yuzlashayotganimiz yo'q. Qirg'iziston hukumati bilan hamkorlikdan ko'nglimiz to'q. Yonilg'i ta'minoti bo'yicha yangi kelishuv ustida bosh qotirayapmiz va yaqin kelajakda bunga erishamiz deb ishonamiz. Shuning uchun bu masalaning Turkmanistonga aloqasi yo'q.
Demak, Turkmaniston rasmiylari bilan muloqotda bu masala ko'tarilmadi, masalan yonilg'i ta'minoti yoki yuk tashish?
Bleyk: Biz Turkmaniston hukumati ko'rsatayotgan ko'makdan minnatdormiz. Siyosiy jihatdan bu neytral davlat. Lekin Afg'onistonni, xususan maktab va kasalxonalarni elektr toki bilan ta'minlab kelmoqda. Mana hozir yangi quvur haqida gaplashayapmiz.
Misr va Tunisdagi inqiloblar Markaziy Osiyoda ham o'ziga yarasha aks-sado berishi mumkin deb o'ylaysizmi?
Bleyk: Mintaqa va davlatlarni bir-biriga qiyoslash qiyin. Lekin yopiq jamiyatlarda rahbarlar Misr va Tunisdagi voqealardan tegishli xulosa chiqarishi kerak. Ayniqsa iqtisodiy va siyosiy erkinlik uchun yo'l ochish kerak. Yoshlar uchun imkoniyatlar yaratilishi lozim. Fuqaro jamiyati, matbuot erkinligi, erkin iqtisodiyot uchun zamin hozirlanishi, ish o'rinlari yaratilishi kerak.Yoshlar o'z orzulariga yetish uchun imkoniyat so'rar ekan, ularning talablariga javob berish talab qilinadi. Har bir hukumat o'z fuqarolarining dardi va talabiga quloq tutishi kerak.