AQSh matbuotiga ko'ra, FIFA prezidenti Zepp Blatterning faoliyati Amerika huquq-tartibot organlari tomonidan tergov qilinadi. Xalqaro futbol federatsiyasining juma kuni beshinchi muddatga saylangan 79 yoshli rahbari kuni kecha iste'foga chiqishi haqida ma'lum qildi.
AQSh prokurorlari va Federal qidiruv byurosi tashkilotda korrupsiya bilan bog'liq vaziyatni tergov qilishga kirishgan. O'tgan hafta FIFAning bir necha mutasaddisi va u bilan hamkorlik qilgan tadbirkorlar hibsga olindi.
Blatterning sensatsion bayonotida aytishicha, u prezidentlikka qayta saylangani bilan butun dunyo ishqibozlari, futbolchilari, klublari va futbol mutasaddilari ishonchini qozona olmadi.
FIFAning ko'p yillik homiylari uning lavozimidan ketishini olqishladi. Koka-Kola kompaniyasi buni sport va ishqibozlar uchun ijobiy qadam deya baholadi.
Blatter 2016-yil martida FIFAning favquloddan tashqari qurultoyida yangi saylovlar bo'lib o'tishini va u jarayonda qatnashmasligini bildirdi. Ungacha tashkilotni Blatter boshqarib turadi.
2010-yil Janubiy Afrikada, 2018-yil Rossiyada va 2022-yil Qatarda jahon chempionatini o'tkazishda mezbon tanlashda pora berilgani haqidagi da'volar ham taftish qilinmoqda.