Breaking News

AQSh Rossiyani global oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid deb atadi


BMT Xavfsizlik Kengashining majlisi
BMT Xavfsizlik Kengashining majlisi

BMT Xavfsizlik Kengashining majlisida dunyoda oziq-ovqat tanqisligi haqida gap ketdi. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiyaning Ukrainadagi urushi global ochlikka turtki berayotganini aytib, uni g’alla kelishuvini jonlantirishga chaqirdi.

Xalqaro hayot - 4-avgust, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:55 0:00

Blinkenga ko’ra, Rossiyaning Ukraina portlariga hujumlari natijasida ukrain g’allasi turib qolgan.

“Ushbu kengashning har bir a’zosi, BMTning har bir a’zosi Moskvaga “bas” deyishi kerak. Rossiya Qora dengizda shantajni bas qilishi kerak. Dunyoning eng muhtoj odamlaridan foydalanishni bas qilishi kerak. Asossiz va vijdonsiz urushni bas qilishi kerak”, - dedi Blinken.

Xalqaro qutqaruv qo’mitasining prezidenti Deyvid Milibandning Xavfsizlik Kengashiga aytishicha, dunyoda oziq-ovqat tanqisligini odatda mojarolar keltirib chiqaradi, iqlim o’zgarishi ham jiddiy omil.

“Oziq-ovqatga muhtoj mamlakatlar hammaga tayin. Somali, Afg’oniston, Yaman, Nigeriya, Janubiy Sudan, Sudan, Burkina-Faso, Mali, Gaiti. Muhtoj mamlakatlarni bilamiz, ammo harakatsiz o’tiramiz”, - dedi Miliband.

Blinken BMT Xavfsizlik Kengashi besh yil oldin fuqarolarni ataylab ochlikka yo’liqtirishni urush jinoyatiga tenglashtiruvchi rezolyutsiya qabul qilganini eslatdi.

“Salkam 90 mamlakat, jumladan Qo’shma Shtatlar ochlikka va oziq-ovqatdan qurol sifatida foydalanishga barham berishga qaratilgan yangi qo’shma bayonot imzoladi. Ochlikni qurolga aylantirmaslik kerak. Barcha a’zo davlatlarni ushbu bayonotni imzolashga da’vat etaman”, - dedi Blinken.

O’tgan oy Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Afrika rahbarlarini Sankt-Peterburgdagi xalqaro forumda qarshiladi, ba’zilariga bepul bug’doy va g’alla va’da qildi, Yevropa Ittifoqi o’z portlaridan Rossiya g’allasi va o’g’itlarini chiqarmayotganini aytdi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Blinkenning Xavfsizlik Kengashidagi chiqishini izohlarkan, Qo’shma Shtatlar gapdan harakatga o’tishi kerakligini aytdi.

"Agar amerikaliklar oziq-ovqat xavfsizligiga hissa qo’shgisi kelsa, g’alla kelishuvining Rossiyaga tegishli qismini bajarishga yordam bersin, yordam berishni o’ylab ko’rishga va’da bermasdan. Shundagina kelishuv yangilanadi. Buni ko’p marotaba Prezident Putin ham aytgan”, - dedi Peskov.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG