Breaking News

Braziliyada turar joylar buzilishi chempionatdan keyin ham davom etadi


Braziliyada ijtimoiy norozilik
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:36 0:00

Braziliyada o’tayotgan futbol bo’yicha jahon chempionati yakuniga yetib qoldi. O’yinlar ajoyib va kutilmagan natijalarga boy bo’lmoqda, ammo musobaqa bilan bog’liq ijtimoiy muammolar hanuz bo’y ko’rsatishda davom etyapti.

Vila Autodromo Rio-de-Janeyroning qashshoq va o’rtahol oilalar yashaydigan tumani.

Mahalla bundan 40 yil muqaddam avtopoyagalar o’tkaziladigan mashhur maydon yaqinida bunyod etilgan. Sport arenasi hozir ishlamaydi.

Shahar ma’muriyati bu yerdagi 500 oilani ko’chirmoqchi. Ularning uchdan biri allaqachon uylarini tark etgan.

Rasmiylar bu yerda 2016-yilgi Olimpiya o’yinlari uchun yangi markaz qurilishini aytmoqda.

Aholining bir qismi ko’chishni istamayapti. Jani Nasimento mahalliy faollardan biri.

“Bu yerda har xil gap-so’zlar yuribdi hozir. Vila Autodromo 40 yildan beri bor. Boshida baliqchilar mahallasi bo’lgan”, - deydi u.

Nasimentoning aytishicha, hukumat elektr toki va boshqa xizmatlarni uzib qo’yish hamda yer-mulkini tortib olish tahdidi bilan odamlarni ko’chishga majburlayapti.

Rasmiylar olimpiada uchun yerning zarurligini ta’kidlasa, Tadeu Marko kabi mahalliy fuqarolar hukumatning maqsadi boshqa ekanini aytadi.

“Biz yashaydigan joy olimpiya mahallasiga kirmaydi. Ularning bizni ko’chirishdan maqsadi kambag’allarni boylardan ayirish. Olimpiada faqat bahona bo’lyapti”, - deydi u.

Markoga ko’ra, sohil yaqinida joylashgan bu hudud ko’chmas mulk bozori uchun ayni muddao. Sarmoyadorlar bu yerda yangi uylar, ofis va do'konlar qurishni rejalamoqda.

“Olimpiada Rioga berilmasidan oldin kanalizatsiya tizimini yaxshilash, suv ta’minotini qonuniylashtirish va soliq joriy etish rejalanayotgan edi. Hozir esa bunday qilishmoqchi emas. Yerga egalik huquqi, hujjatlar bizning qo’limizda bol’ishiga qaramay”, - deydi Marko.

Marko bu yerdagi mulkini 21 yil oldin 10 ming dollarga sotib olgan. Hozir yerning qiymati bir necha yuz ming dollarni tashkil etadi. Shuncha pulni to’lashmaguncha, ko’chmoqchi emas.

Kubok o’yinlari boshlanishi oldidan odamlarni ko’chirish Braziliyaning boshqa shaharlarida ham kuzatildi.

Bundan norozi aholi namoyishlar o’tkazdi. Ularga ko’ra, qimmat musobaqalardan, asosan, boylar manfaat ko’radi.

Rio-de-Janeyro 2016-yil yozgi olimpiadaga ham mezbonlik qiladi. Shunday ekan, norozilik namoyishlari hali veri tugamaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG