Bolani ko’krak suti bilan boqishning xosiyati, buning ham ona, ham go’dak sog’lig’iga foydasi ilmiy tadqiqotlarda o’z isbotini topgan. Ammo bolalarni ona suti bilan boqishni targ’ib qiluvchi rezolyutsiya yaqinda BMTda ovozga qo’yilganida, AQSh unga qarshi chiqqani mutaxassislarni hayratga soldi. Tramp ma’muriyati ona-bola salomatligini emas, sun’iy sut ishlab chiqaruvchi korporatsiyalar manfaatini himoya qiladi, degan tanqidlar yangramoqda.
Ona sutining xususiyatlarini batafsil o’rganib chiqqan mutaxassislar kamida olti oy ko’krak suti bilan katta bo’lgan bolaning rivojlanishi emmagan bolanikidan ancha farq qilishini qayta-qayta ta’kidlamoqda. Tadqiqotlarga ko’ra, ko’krak suti yiliga 800 ming chaqaloq hayotini saqlab qolishi mumkin.
Pediatrlar ham ilmiy xulosalarga asoslanib bolani ona suti bilan boqish afzal deb bilishadi.
“Bir necha o’n yillar oldingi tadqiqotlar ham shuni ko’rsatgan”, - deydi shifokor Denis Kuo.
Ko’krak suti mikrobiologik elementlarga boy. Undagi yog’lar, biologik faol moddalar, kalsiy va fosfor tuzlari go’dak organizmiga sun’iy aralashmadan ko’ra tez singadi. Himoya vazifasini bajaruvchi oqsillar turli allergik toshmalardan saqlaydi, organizm chidamliligini oshiradi. Jarayonning o’zi esa asab tizimining yaxshi shakllanishiga ta’sir ko’rsatadi. Bolaning umumiy rivojlanishi emmagan bolalarnikidan farq qiladi.
“Bola dunyoga kelishi bilan onaning sut bezlari dastlab sarg’imtir suyuqlik, ya’ni uvuz suti ajratadi. Uvuz ayniqsa immunoglobulin moddasiga to’la bo’lgani uchun emgan bolalarda infeksiyalarga kurashuvchanlik yuqori bo’ladi”, - deydi Florida universiteti qoshidagi tibbiy markaz shifokori Joan Miks.
Bolani sun’iy oziqa bilan boqish uchun toza suv zarur. Nafaqat sut poroshoginini aralashtirish uchun, balki shishalarni toza saqlash uchun ham. Tozalikka rioya qilinmasa, ich ketishiga olib kelishi mumkin.
Sun’iy oziq arzon ham emas. Uzoqroqqa yetsin deb belgilangan dozadan suyuqroq qilib tayyorlansa, go’dak to’ymay qoladi. Oqibatda bolada yig’loqilik va tez-tez kasallanish kuzatiladi.
“Shuning uchun ham ko’krak suti bilan boqilgan bolalar organizmi o’ta kurashuvchan bo’ladi”, - deydi doktor Kuo.
Emizilgan bolalarda quloq, oshqozon-ichak yo’llaridagi infeksiyalar kamroq uchraydi. Ona suti hatto ortiqcha vazn yig’ishdan ham himoyalaydi.
Sun’iy aralashmalar tarkibi yaxshilanayotgan bo’lsa-da, shifokorlar hamon ona sutini afzal bilishadi.
“Sun’iy aralashmalar ishlab chiqarish sanoatidagi hamkasblarim sifat ko’tarilayotganini aytadi, bunga ishonaman, lekin ona sutiga hali teng bo’lolgani yo’q”, - deydi suhbatdosh.
Emizish ona organizmini, xususan bachadonni tug’riqdan oldingi holatiga tezroq qaytaradi, rejalanmagan homiladorlikning oldini olishda foyda beradi. Uzoqroq emizgan ayollarda ko’krak saratoniga chalinish xavfi kamroq.
Shifokorlar go’dakning sog’lom bo’lishida ona ham birday e’tiborda bo’lishini, bunda nafaqat yaqinlari, jamiyat va hatto ish beruvchi ham ona-bolaning kun davomida birga bo’lishini ta’minlashga sharoit yaratishni tavsiya qiladi.
Facebook Forum