Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer mamlakatda musulmonlar va muhojirlarga qarshi avj olgan tartibsizliklarga qarshi kurash uchun qo’shimcha politsiya kuchlari safarbar etilishini bildirdi. Unga ko’ra, mamlakat bo’ylab 400 kishi hibsga olingan, 100 nafari sudga tortiladi.
Vazirlar va politsiya boshliqlari bilan majlis qilgan Starmer jamoalar xavfsizligini ta’minlash ustuvor vazifa ekanini aytdi.
Tartibsizliklar 29-iyul kuni qora tanli bir o’smir Sautport shahridagi raqs to’garagida uch qizni pichoqlab o’ldirishi va kimdir uni ijtimoy sahifada musulmon muhojir deb atashi ketidan avj oldi.
Politsiya o’smirning ota-onasi afrikalik ekanini, biroq uning o’zi Britaniyada tug’ilganini va nasroniy ekanini bildirdi.
Bosh vazir tartibsizliklarda o’ngchilarni aybladi. O’ng qanot “Islohot” partiyasining lideri Nayjel Faraj zo’ravon namoyishlarga aloqasi yo’qligini, hech vaqt zo’ravonlikka da’vat etmaganini aytdi.
Britaniya hukumati dezinformatsiyani internetda yoyishda xorijiy mamlakatlar rolini o’rganayotganini, ijtimoiy sahifalardan soxta postlarni to’xtatishda yordam so’raganini ma’lum qildi.
Britaniyalik musulmonlar hozirgi vaziyatdan xavotirda ekanini aytarkan, tartibsizliklar ortida oddiy britaniyaliklar turmaganini ta’kidlaydi.
“Qo’shnilarimiz bozorga chiqib kelishni taklif qilishyapti, ko’chaga chiqish xavfsiz emasligini aytishyapti, kerak bo’lsa, yonimizga chiqib dalda berishmoqchi”, - deydi Saba Ahmad ismli bir ayol.
Liverpul shahridagi bir masjid imomi Ahmad Alining aytishicha, masjidda va mahallada xavfsizlikni ta’minlash uchun ko’ngillilar navbatchilik qilmoqda, politsiya yordam beryapti.