Breaking News

Burkina-Fasoda xalq isyon ko'tarib, prezidentni haydadi


G'arbiy Afrikadagi davlat, Burkina-Fasoda prezident Bleyz Kompaore 27 yillik boshqaruvdan keyin ishdan ketdi. Mamlakatda o'n minglab odamlar namoyishga chiqib, rahbarning iste'fosini talab qilayotgan edi.

Chiqishlar qonli tus olgach, kecha armiya parlamentni tarqatib yuborib, muvaffaq hukumat tuzilishini ma'lum qilgan.

1987-yildan beri Burkina-Fasoni boshqarayotgan Kompaore sal oldin parlamentda yangi qonunni olg'a surib, hokimiyatda uzoqroq qolishni ko'zlayotgan edi. Omma bundan norozi bo'lib isyon ko'targan.

Kompaore Fil Suyagi Qirg'og'iga qochgan.

Payshanba kuni poytaxt Uagaduguda odamlar parlamentga o't qo'yib, boshqa davlat idoralariga bostirib kirgan. Politsiyaning aytishicha, o'lganlar va yaradorlar bor.

Xalqni tinchlantirish uchun rasmiylar parlamentda olg'a surilgan konstitutsion o'zgarishlarni va bir necha soat oldin e'lon qilingan favqulodda holatni bekor qildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun G'arbiy Afrikadagi bu davlatda vaziyatni xavotir bilan kuzatayapmiz, deydi. Bosh kotib tomonlarni tinchlanishga va zo'ravonlikdan tiyilishga chaqirmoqda.

Ikki harbiy o'zini yangi rahbar deb e'lon qilgan.

Biri - prezident qo'riqchilarining boshlig'i Isoq Yoqub Zida; ikkinchisi esa armiya qo'mondoni Onore Traore.

Mamlakatni hozir kim boshqarayotgani ma'lum emas, deya bildirmoqda AQSh Davlat departamenti.

Yuqorida nomi keltirilgan har ikkala shaxs Afrikaning bu qashshoq va beqaror davlatiga tinchlik va farovonlik va'da qilmoqda. Urush boshlanishi mumkin degan xavotir kuchli.

Zida va Traore bir-birining bayonotlariga munosabat bildirmayapti.

Kompaore fikricha, uch oy ichida yangi saylovlar o'tkazish kerak. Muxolifat a'zolari esa sobiq prezidentning maslahati hech kimga kerak emas deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG