Breaking News

Shimoliy Malida ekstremist guruhlar faoliyati kuchaymoqda


Shimoliy Malidagi Ansoriddin guruhi jangarilari, 24-aprel, 2012-yil.
Shimoliy Malidagi Ansoriddin guruhi jangarilari, 24-aprel, 2012-yil.
Shimoliy Malining keng sahro hududlari ekstremist guruhlar tomonidan nazorat qilinmoqda. Hududda Pokiston va nigeriyalik jangarilar panoh topgani aytiladi. Ayrim tahlilchilar fikricha, Mali dunyoning yangi terrorizm o’chog’iga aylanishi mumkin.

Mali navbatdagi Afg’onistonga aylanishi mumkinmi? Tahlilchilarga ko’ra, shimoliy Malidagi hozirgi vaziyat 90-yillar o’rtasida Tolibon nazorati ostida bo’lgan Afg’onistonga to’la o’xshamasa ham, al-Qoidaga aloqador guruhlar hududda tobora mustahkam o’rnashib bormoqda.

Ganada joylashgan Kofi Annan nomidagi Xalqaro tinchlikparvar treyning markazi Afrikaning Sahel hududidagi ekstremizm va qurolli guruhlar faoliyatini o’rganadi. Tashkilot vakili Kvesi Aningga ko’ra, muammo faqat Mali hududigagina tegishli emas.

“Gap faqat shimoliy Malining tolibonlashuvi haqida ketmayapti. Aslida, Afrikaning shimoliy Niger, shimoliy Burkina-Fasoning bir qismi, shimoliy Mali va shimoliy Mavritaniya kabi hududlari radikallashib boryapti. Shuning uchun Malidagi muammoni bir yoqli qilishda xalqaro hamjamiyat ishtiroki zarur. Chunki Mali ekstremistlar qo’liga o’tsa, boshqa hududlar ham bundan ta’sirlanib, oqibati juda yomon bo’ladi”, - deydi u.

Shimoliy Mali Mavritaniyadan Chadgacha cho’zilgan sahro bag’rida joylashgan. Nazorat qilish qiyin bo’lgan bu hududda so’nggi yillarda terrorchilar, odam savdosi bilan shug’ullanuvchi va odamlarni garov puli evaziga o’g’irlovchi guruhlar in qurgan.

Sahel o’lkalari ekstremizm tahdidiga qarshi umumiy strategiyaga ega emas. Maliga qo’shni davlatlar, masalan, Mavritaniya Malini jangari guruhlarga hududidan joy berayotganlikda ayblaydi. Ularga ko’ra, hukumatga qarshi chiqmaslik sharti bilan Islom Mag’ribidagi al-Qoida guruhiga Malining shimoliy hududlariga kirishga ruxsat berilgan.

Mustaqillik uchun kurash olib borayotgan Tuareg qabilasi jangchilari hamda Malining Ansoriddin nomli ekstremist guruhi 22-mart kuni Bamakoda ro’y bergan davlat to’ntarishi oqibatida yuz bergan boshboshdoqlikdan foydalanib, Gao, Kidal va Timbuktu nomli uch shimoliy hududni egallab olgan. Ansoriddin Tuareg ozodlik harakati asosida tug’ilgan guruh bo’lib, Islom Mag’ribidagi al-Qoida tashkiloti bilan aloqaga ega ekanligi aytiladi.

Tuareg isyonchilari dunyoviy davlat, ushbu harakatdan so’nggi yillarda ajrab chiqqan Ansoriddin guruhi esa islomiy jamiyat qurishga da’vat etmoqda.

Niger prezidenti Muhammadu Isofuninng Parijda Fransiya rahbari Fransua Olland bilan uchrashuvda ta’kidlashicha, shimoliy Malidagi vaziyat xalqaro muammo bo’lib, uni hal etishda xalqaro hamjamiyat ishtirok etishi kerak.

Prezident Isofuning aytishicha, shimoliy Mali hozir giyohvand modda savdogarlari va jihodchilar nazorati ostida. Boshqa guruhlarning ta’siri juda kam, deydi u.

Ayrim xabarlarga ko’ra, Afg’oniston va Pokiston fuqarolari Mali shimolida mahalliy jangarilarni tayyorlamoqda. Nigeriyaning Boko Haram ekstremistik guruhi ham Gaoda o’ziga yangi a’zolarni yollamoqda, deydi prezident Isofu.

G’arbiy Afrika davlatlarining iqtisodiy hamjamiyati (ECOWAS) Maliga bir necha ming askardan iborat qo’shin kiritish masalasini ko’targan. Ammo buni amalga oshirish uzoq vaqt va ko’p mablag’ talab etadi. Ushbu reja amalga oshgan taqdirda ham, ayrim kuzatuvchilar fikricha, tish-tirnog’igacha qurollangan jangarilarga qarshi sahroda kurashish uchun hamjamiyat askarlari yetarli malaka va tajribaga ega emas.

Ayrimlar fikricha, tinchlikparvar kuchlar janubiy Malida poytaxt Bamako xavfsizligini ta’minlashdan nariga o’ta olmaydi.

Fransiya prezident Isofu chaqirig’ini qo’llab-quvatlab, Afrika hamjamiyatining Maliga qo’shin kiritish rejasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi tomonidan tasdiqlanishi kerak, degan fikrda.

Prezident Isofuga ko’ra, jangarilarga qarshi kurashda AQSh, Fransiya va boshqa xalqaro kuchlar yordam berishi kerak. Kuzatuvchilarning aytishicha, G’arbiy Afrika davlatlari iqtisodiy hamjamiyatiga a’zo bo’lmagan Mavritaniya va Jazoir kabi o’lkalar ham ishtirok etsagina, harbiy amaliyot muvaffaqiyatli kechadi.

Jangari guruhlarning hududda mustaqillik e’lon qilishi yoki islomiy davlat qurish haqidagi bayonotlari xalqaro hamjamiyat tomonidan rad etib kelinadi. Tuareg isyonchilari va Ansoriddin o’rtasida tuzilgan kelishuv faqat bir hafta davom etib, iyun oyi o’rtalarida ikki guruh yana jiqqa musht bo’lgan.

Janub va shimoldagi maliliklar mamlakatning bo’linishini yoki jangari guruhlar tomonidan bosib olinishini istamaydi. Ammo armiyaning ekstremist kuchlarga qarshi muvaffaqiyat qozonishiga shubha qiluvchilar ko’p.

Burkina-Faso Tuareg isyonchilari bilan tinchlik yo’lida muzokara boshlagan. Hukumat va guruh yaqin orada kelishuv imzolashi mumkin degan gap-so’zlar bor. Ammo ayrim tahlilchilarning aytishicha, yaxshi qurollangan Ansoriddin guruhi bilan murosaga erishish mushkul.

Ansoriddin guruhining Gaodagi voizi Umar Uld Amma Mali armiyasining ularni yenga olmasligiga ishonchi komil.

"Agar Maliga Fransiya, AQSh yoki iqtisodiy hamjamiyat yordam bersa, bunga ham tayyormiz", - deydi u.

Bamakodagi muvaqqat hukumat hanuz omonat turgan bir paytda, shimoliy Malida yangi urushning kelib chiqishi borasidagi xavotirlar borgan sari oshib bormoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG