Birma saylovlarida g’alaba qilgan muxolifat parlamentni boykot qilishi mumkin. Konstitutsiyaga qasamyod matni yuzasidan kelishmovchiliklar bunga sabab.
So’nggi payt demokratik islohotlar maydoniga aylangan Birma qator sanksiyalardan xalos bo’ldi. Yevropa Ittifoqi ham yaqin orada jazo choralarini bekor qilish niyatida. AQSh ham bu haqda o’ylanmoqda.
Shu oy boshida Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron Birmaga bordi. 1962-yilda hokimiyatga harbiylar kelganidan beri G’arb davlati rahbarining birinchi tashrifi. Kameron qurol-aslaha embargosidan tashqari boshqa barcha sanksiyalarni to’xtatishga chaqirdi.
AQSh bunga nima derkin?
Birma ulkan tabiiy boyliklarga ega. Aholisi 60 million. Nyu-Yorkdagi Osiyo jamiyati vitse-prezidenti Syuzan Dimajjio fikricha, amerikalik investorlar shu bozorga chiqishga intiladi.“Xitoy kabi davlatlar yillar davomida Birmaga sarmoya yotqizib kelayotgani, bu davlatning eng yirik savdo hamkori ekanini unutmang. Boshqa mamlakatlar Birma bilan aloqa o’rnatar ekan, Amerika ham ortda qolishni istamaydi,” - deydi tahlilchi.
Birma hukumati 1988 va 2007-yillarda demokratik namoyishlarga kuch bilan javob bergani, inson huquqlarini oyoq osti qilgani uchun qurol-aslaha savdosi man etilgan. Harbiylarning chet eldagi moliyalari muzlatilgan edi.
AQSh 1997-yilda sarmoya va importni taqiqlab, moliyaviy aloqalarni cheklagan.
Biroq so’nggi yillarda mamlakatda tub o’zgarishlar ro’y berayotgani ko’zga tashlanadi. Matbuot erkinligi tiklandi, yuzlab siyosiy mahbuslar ozod etildi. Muxolifatdagi Demokratiya uchun Milliy Liga rahbari, yillar davomida uy qamog’ida o’tirgan Ang San Su Chi saylovlarda qatnashib, g’alaba qozondi.
Bo’hronlarni o’rganish xalqaro tashkiloti vakili Jim Della-Jakoma deydiki, sanksiyalardan hukmdorlar emas, balki oddiy xalq aziyat chekmoqda.
“Lekin sanksiyalarning ko’pi AQSh qonunlarida aks ettirilgan. Ularni bekor qilish oson bo’lmaydi. Bu yil Amerikada saylovlar. Kongressning Birma bilan shug’ullanishga vaqti bo’larmikan”? - deb so’raydi u.
Ayrimlar nazarida sanksiyalarni astalik bilan olib tashlagan ma’qul. Chunki yuzlab siyosiy mahbuslar hamon qamoqda. Bundan tashqari harbiy hukumat Kachin isyonchilariga qarshi kurashni davom ettirmoqda.“Asosiy sohalar, masalan, tabiiy boyliklar, jumladan qimmatbaho toshlar, metallar va yog’och importini oladigan bo’lsak, cheklovlarni qoldirish kerak. Ular islohotlarni davom ettirish uchun bosim vazifasini o’taydi”, - deydi huquq faoli Zoya Pan.
Yana bir taklif - sanksiyalarni vaqtincha to’xtatib, natijani kutsa bo’ladi. Hukumat so’zidan qaytgan taqdirda ularni darhol tiklash mumkin.