Breaking News

Amerika Birmaga qo’yilgan iqtisodiy sanksiyalarni vaqtincha bekor qildi


Davlat kotibasi Xillari Klinton, Birma Tashqi ishlar vaziri Vunna Mang Luin
Davlat kotibasi Xillari Klinton, Birma Tashqi ishlar vaziri Vunna Mang Luin

Qo’shma Shtatlar Birma bilan aloqalarda yangi sahifa ochib, iqtisodiy sanksiyalarni vaqtincha olib tashladi va 20 yilda ilk bor bu davlatga elchi tayinladi.

Davlat kotibasi Xillari Klinton bu haqda kecha Vashingtonda Birma Tashqi ishlar vaziri Vunna Mang Luin bilan muloqot paytida e’lon qildi.

“Amerka kompaniyalarini Birmaga sarmoya kiritishga chaqiramiz. Ijobiy o’zgarishlar, taraqqiyot elchisi bo’lib xizmat qiling. Yangi ish o’rinlari, imkoniyatlar va islohotlar uchun sharoit hozirlang”, - dedi Klinton.

Davlat departamentining Birma masalalari bo’yicha maxsus vakili Derek Mitchell bu mamlakatga elchi etib tavsiya qilinmoqda. Birma ham tez orada Vashingtonga o’z elchisini safarbar etish niyatida.

Biroq Qo’shma Shtatlar qurol-aslahaga qo’yilgan embargo-cheklov va yana bir necha chorani saqlab qoladi, chunki, deydi Klinton, mamlakatda boshqaruv to’laligicha fuqaro jamiyati zimmasiga o’tishini xohlaymiz.

Xalqaro hamjamiyat bosimi ostida Birma harbiy rahbariyati boshqaruvni tark etib, o’tgan yili ko’p-partiyaviy saylovlarga yo’l ochib bergan edi.

Shundan beri yangi, fuqaroviy namoyandalar deya ko’rilayotgan hukumat ishga tushib, yuzlab siyosiy mahbuslar ozod qilindi, muxolifat rahbari Ang San Su Chi va uning partiyasi parlamentga kirdi, biznes muhit ochilib, matbuot ustidan nazorat susaya boshladi.

AQSh prezidenti Barak Obama Birmadagi o’zgarishlarni olqishladi, lekin qamoqda siyosiy mahbuslar qolayotgani, inson huquqlari, kichik elatlar huquqi bilan bog’liq ahvol hamon xavotirli, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG