AQShning Birma bo'yicha maxsus vakili Derek Mitchell kecha bu mamlakatga borib, rahbarlar bilan uchrashgan. Amerika diplomati ularni haqiqiy islohotlar o'tkazishga, siyosiy mahbuslarni ozod etib, etnik ozchilikdagi guruhlar yashovchi hududlarda ro'y bergan qonunbuzarliklarni tergov qilishga chaqirgan.
Bu borada ayrim qadamlar bor va biz bundan mamnunmiz, deydi Mitchell. Jumladan Birma prezidenti Teyn Seyn o'tgan oy muxolifat yetakchisi Au San Su Chi bilan uchrashib, inson huquqlari kengashini tuzishga va matbuotda senzurani yengillashtirishga rozi bo'lgan.
"Ikki mingga yaqin siyosiy mahbuslarni ozod etishni va Shimoliy Koreya bilan harbiy munosabatlarni oydinlashtirishni so'radim", - deydi AQSh Davlat departamenti vakili.
Qo'shma Shtatlar rasmiy Pxenyanni Birmaga BMT taqiqiga xilof holda qurol va yadro materiallarini yetkazayotganlikda ayblaydi.
Inson huquqlari tashkilotlariga ko'ra, Birma armiyasi ozchilikdagi elatlarga zulm qilib, ularni mehnatga majburlaydi.