Kaliforniya mo’ynali kiyimlar savdosini man etgan birinchi shtat bo’ldi. Gubernator hayvonlar yungidan kiyimlar savdosini va yovvoyi hayvonlardan sirk tomoshalarida foydalanishni taqiqlovchi bir qator qonunlarga imzo chekdi. O’zgarish jonivor huquqlari faollarini xursand qilgan bo’lsa, mo’ynali kiyim sotuvchi bizneslar undan norozi.
Anvar Hayotning bobosi AQShga kelishdan oldin mo’ynali kiyimlar do’konini Rossiyada ochgan.
O’sha paytlar mo’ynali kiyimlarga hammaning ham qurbi yetmagan, kam sotilgan edi, deydi u.
Mo’ynali kiyimlar hozir ham kam, biroq sababi boshqa.
“Mijozlarim oxirgi bir yarim yilda nima bo’layotganini tushunmay qolgan. Qanday taqiq, mo’yna kiymasligimiz kerakmi, yoki kiyib yurganimizni ko’rganlar u-bu narsa otib qolsachi, deb so’rashyapti”, - deydi Anvar Hayot.
Shtat gubernatori Gavin Nyusom mo’ynali yangi kiyimlar va jonivorlar yungidan yasalgan buyumlar savdosini taqiqlovchi qonunlarga imzo chekishi shunday tushunmovchiliklarga sabab bo’ldi. Qonunchilarni mavzuga jalb qilgan omil jarayonning shafqatsizligi.
Tadbirkorlik uchun jonivorlarni so’yishni man qilish mo’ynachilik biznesini yo’q qilish degani, yana qancha odam ishsiz qoladi, deydi Anvar Hayot.
“Tanlash huquqi bor. Ertaga kimdir sizga gamburber yemaysiz desa, gamburger yemaydigan bo’lasiz. “McDonald”, “Burger King” egalari qay ahvolga tusharkan? Ular mo’ynachilikdan ko’ra oziq-ovqat uchun million marta ko’proq hayvonlarni o’ldiradi. Mo’ynachilik u qadar rivojlangan biznes emas”, - deydi u.
Yelena Makarova-Ali Los-Anjeles shahridagi do’kon egalaridan biri. U kurashishdan umidini uzib, Italiyadan sun’iy mo’ynali kiyimlar olib kelishga kirishgan. Kaliforniya havosi uchun mos, deydi u.
“Italiyadan tabiiy mo’ynali kiyimlarni olib kelmoqchi bo’ldim, lekin hech kim qiziqmayapti, hayronman”, - deydi Yelena Makarova-Ali.
Yangi qonunlar 2023-yildan kuchga kiradi. Nyu-York shtati ham shu yo’lni tanlashi mumkin. Mo’ynachilik biznesi tarafdorlari Kaliforniya rasmiylarini diskriminatsiyada ayblab sudga berishni rejalamoqda.
Facebook Forum