AQSh mustaqillik ayyomini nishonlayotgan bir paytda Kaliforniya janubida 6,4 balli zilzila ro'y berdi - so'nggi 20 yilda eng kuchlisi.
Zilzila markazida, Los-Anjelesdan 260 kilometr uzoqlikdagi Rijkrest shahri va uning atrofida ayrim binolar va xonadonlar yonib ketgan. Yer qimirlashi qo'shni Nevada shtatidagi Las-Vegas shahrida va hatto Meksikada ham sezilgan. Ayrim joylarda gaz quvurlari yorilib ketgani xabar qilinmoqda.
"Zilzilaga o'rganib ketganmiz, lekin bunisi kuchli bo'ldi", - deydi Rijkrest meri Peggi Bridon.
Zilzilalarni kuzatuvchi Yevropa agentligiga ko'ra, silkinishlar ro'y bergan hududda jami 20 million aholi yashaydi. Rijkrest joylashgan hududda 1995-yilda besh hafta davomida yuzlab marta zilzila yuz bergan edi.
Mutaxassislarning aytishicha, kelasi kunlar ichida Kaliforniyada takroriy silkinishlar bo'lishini kutish mumkin. 6,5 balli zilzila inshootlarga jiddiy zarar yetkazish kuchiga ega.
1994-yilda shtatning aholi zich joylashgan Los-Anjeles shahri atrofini 6,6 balli zilzila qaqshatib, milliardlab dollar zarar keltirgan edi.
Facebook Forum