Breaking News

Biznes egalari: Qora tanlilarning hayoti muhim, boshqalarnikichi?


Kaliforniyadagi immigrantlar: Tarix takrorlanyapti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:15 0:00

AQShda politsiya va irqchilikka qarshi namoyishlar paytida ayrim joylarda do’konlar va bizneslar talon-taroj qilindi. Los-Anjelesdagi immigrantlar mahallasida ba’zilar bir kechada tirikchiligidan mahrum bo’ldi.

Long-Bich shahridagi restorani talon-taroj qilinayotgani televideniyeda yoritilar ekan, uning egasi Rampo Chim ham voqealar markazida edi.

“Juda qo’rqinchli bo’ldi. Xuddi kinodagidek. Odamlar har tomondan, chapdan, o’ngdan kela boshladi. Ichkaridan miltiq bilan chiqib, ularni haydadim”, - deydi kichik biznes egasi.

U keyinchalik voqea joyini tark etdi. Qaytib kelganida restoran talab ketilgan, singlisining do’koniga o’t qo’yilgan edi.

“Kambodjadagi genotsiddan omon qolib, AQShga qochib kelganmiz. Amerikaga birinchi kelganimizda bolalardan kaltak yeganim esimda. Qora tanlilarning hayoti ham muhim, degan shiorni eshityapmiz. Osiyoliklarchi, boshqa odamlarchi?”, - deydi Rampo Chim.

Long-Bichda yashovchilar, jumladan bu yerdagi kichik biznes egalari orasida Kambodjadagi qatag’onlardan qochib kelganlar ko’p. Immigrant sifatida, deydi Chim, biz ham AQShda irqchilik bilan yuzlashganmiz. Buzilgan binolar ham adolatsizlik, deydi u.

Jorj Floydning politsiya qo’lida o’lgani yuzasidan namoyishlar davom etar ekan, kambodjalik amerikaliklar ham boshdan kechirganlari bilan bo’lishishni istaydi.

“Adolatsizlik nafaqat afro-amerikaliklar hayotiga, balki barcha ozchilikdagi guruhlarga ham ta’sir qiladi. Shunchaki bu haqda ko’p hollarda xabar bermaganmiz”, - deydi Long-Bichdagi kambodjaliklar jamoasi faoli Charls Song.

U tarix takrorlanayotganini aytadi. 1990-yillarda uning kichik biznesi bo’lgan, Los-Anjelesdagi g’alayonlarni boshdan o’tkazgan.

“O’shanda do’stim bilan tomga chiqib olganmiz. Menda Kalashnikov, uning qo’lida miltiq. O’shanda o’zini va mulkini himoya qilgan odamlar bugungacha do’konini yurityapti”, - deydi Song.

Lekin bu gal ayrim bizneslar o’zini tiklay olmasligi mumkin.

“Bo’lar ish bo’ldi. Lekin oqibati odamni qo’rqitadi”, - deydi Song.

“Bu men uchun ham og’ir. Genotsid xotiralari, men bolaligimda boshdan kechirgan qo’rquv qaytib kelyapti”, - deydi yana bir faol Lora Som.

U Long-Bichdagi kambodjaliklar shaharchasida yashaydi. Qirg’indan omon qolganlarni davolash markazida ishlaydi. Namoyishchilarda travma alomatlarini ko’ryapman, deydi Som.

“Talonchilar azobda ekanini bilaman. Bizning jamoa ham azobda. Afro-amerikaliklar ham dard bilan yashaydi. Yechim – birlashishda. Bu ishlarni qilayotganlarni ayblamaslik kerak. Ayb mavjud tizimda”.

Zo’ravonlik orqali o’zgarish qilishga urinayotganlarga uning maslahati:

“Zo’ravonliksiz, biz kabi jamoalarga, atrofdagilarga ozor bermasdan harakat qilishingiz kerak”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG