AQShning Kaliforniya shtatida 14 kishini hayotdan olib ketgan otishma ketidan jamoatchilik orasida va siyosiy doiralarda yana bahslar boshlanib ketdi.
San-Bernardino shahrida musulmon er-xotin bayram bazmini o’qqa tutgan, so’ngra politsiya bilan otishmada halok bo’lgan - Said Faruk 28 yoshda va uning xotini Tashfin Malik 27 yoshda.
Ularning uyidan minglab dona o'q-dori va bir necha qo'lbola bombalar topilgan. Tergovchilarning aytishicha, Tashfin Malik Facebook sahifasida "Islomiy davlat" guruhiga bay'at keltirgan.
Qatliom ketidan ikki mavzuda muhokama ketmoqda - terrorizm va qurol nazorati.
Federal qidiruv byurosi voqeani terrorizm deya baholab, tergov qilmoqda. Prezident Obama qurol nazoratiga e’tiborni qaratdi.
“Boshqalarga ziyon yetkazmoqchi bo’lgan odamlar hozirgi kunda qurolni qo’lga kiritishi juda oson. Qonunlar o’zgarishi kerak”, - deydi prezident.
Kongressdagi demokratlar ham shu fikrda.
“Fojia shundaki, otishmalarni bartaraf etish uchun hech narsa qilmayapmiz. Qonunchilik organi jim-jit”, - deydi senator Garri Rid.
“Keyingi fojiani bartaraf etish uchun konkret chora ko’rmasdan, hamdardlik bildirish sharmandalik emasmi?” - deb so’raydi demokrat Nensi Pelosi.
Prezidentlikka respublikachi nomzodlar bu hodisaga davlat xavfsizligi bilan bog’liq masala deb qaraydi.
“Bu terrorizmning, radikal islomiy terrorizmning yana bir ifodasi ekanidan chuqur tashvishdamiz”, - dedi senator Ted Kruz.
Qonunchi Linzi Grem fikricha ham gap qurol nazoratida emas, balki terrorizm va radikal mafkura butun dunyo bo’ylab tarqalayotganida.
Prezidentlikka yetakchi demokrat nomzod Hillari Klintonga ko’ra, aybni musulmonlarga to’nkash to’g’ri emas.
“Musulmon-amerikaliklarning ham aksariyati siz va men qatori qayg’uda va xavotirda”, - deydi Klinton.
Musumon tashkilotlar ommani xolis bo’lishga chaqiryapti.
“Bu fojiada musulmonlarni ayblamaslik kerak. Yaqinda oilaviy klinikada ro’y bergan otishma uchun ham nasroniylar javobgar emas”, - deydi Amerika-Islom aloqalari kengashidan Robert Maksho.