AQSh rasmiylari bu hafta Afg’onistondagi vaziyat bobida maslahatlashish maqsadida Markaziy Osiyo bo'ylab safar qilib, poytaxtlarda bo'ldi. Mahalliy mutaxassislar nazarida Oq uy mintaqa xavfsizligi va barqarorligiga urg'u berayotgani yaxshi.
Bishkeklik siyosatshunos Japar Birimkulov aytishicha, o’tgan yil xalqaro kuchlarning asosiy qismi Afg’onistonni tark etishi, shuningdek, Qirg’izistonning “Manas” aeroportida joylashgan AQSh tranzit markazi yopilishi ortidan Vashingtonning ushbu o’lkaga qiziqishi pasayganday tuyuladi.
"Har holda munosabatlarda faollik ko’zga tashlanmaydi", - deydi suhbatdosh.
Uning nazarida Qirg’iziston Rossiya boshchilik qilayotgan Boj Ittifoqiga kirishi bilan Kremlning roli oshgan.
Iqtisodiy hamkorlikka kelganda AQSh va Qirgiziston orasida ko’zga ko’rinarli aloqa yo’q.
Ayni paytda Vashington va Yevropa Ittifoqining Rossiyaga nisbatan sanksiyalari Markaziy Osiyo aholisining turmush darajasiga ham salbiy ta’sir yetkazayotir. Mintaqada AQShga qarshi kayfiyat kuchaytgan.
Umuman olganda, rasmiy munosabatlarda faollik susayishi ortidan qirg'iz matbuoti va jamoatchiligida Amerika tashqi siyosati va AQShning Qirg’izistondagi elchixonasi faoliyatiga nisbatan tanqid ham avj olgan.
Biroq, deydi mahalliy mutaxassislar, mintaqaviy xavfsizlik masalalarida Amerika Qo’shma Shtatlarining salohiyati alohida ahamiyat kasb etadi.
“Bugungi vaziyatda, masalan, "Islomiy davlat" kabi kuchlarnig tahdidi qarshisida, Amerikaning Afg’onistonda qolishi va faol bo’lishi bizlaning mamlakatlar uchun ham maqsadga muvofiq”, - deydi Japar Birimkulov.
AQSh azaldan urg’u berib kelayotgan inson huquqlari masalalari keyingi yillarda qirg’iz ommasi fikrida jiddiy o’rin egallamay qolgan. Jamiyat diqqati iqtisod va qanday kun ko’rishda.
“Ne bo’lsa-da, AQSh Qirg’iziston demokratiya yo’lini tanlaganiga ishonadi. Ular, qo’shni avtoritar o’lkalarga qaraganda, Qirg’izistonni o’zlariga ruhan yaqin biladi. Va demokratik o’zgarishlarda ozmi-ko’pmi o’z hissalari bor, deb hisoblashadi”, - deydi Japar Birimkulov.
Qirg’iziston o'z tajrubasidan kelib chiqib Afg’oniston xalq xo’jaligi, maorif va sog’liqni saqlash tizimlarini qayta tiklashda yordam berishi mumkin.
O’sh davlat universiteti professori, faylasuf va siyosatshunos Arap Anarbayev fikricha, mintaqa mamlakatlari uchun ko’p yo’nalishli tashqi siyosat ma’qul. Va bu o’rinda Amerika bilan aloqalar ham o’z rivojini topadi.
“Muhimi - hamkorlik umum-manfaatlarga tayanishi darkor”, - deydi Anarbayev.