Breaking News

AQSh: Manasdan chiqayapmiz, Qirg'iziston bilan hamkorlik to'xtamaydi


Bishkek, 3-aprel, 2014
Bishkek, 3-aprel, 2014
Bugun Bishkekda Qirg'iziston prezidenti Almazbek Atambayev AQSh Davlat kotibi muovini Nisha Bisvol bilan muloqot qilgan. Mintaqaviy xavfsizlik eng muhim masala deya ta'kidlangan.

Bisvol xonim poytaxtdagi Amerika universitetida yoshlar bilan davra suhbati qilgan. O'z ma'ruzasida ham mintaqaviy integratsiyaga urg'u bergan.

Yangi Ipak Yo'li tashabbusini targ'ib qilayotgan diplomat fikricha, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari orasida tijoratni kengaytirish yangi ish o'rinlari yaratib, yangi yo'llar barpo etish va ishlab chiqarishni kengaytirish demakdir.

Talabalarning savollariga javob berar ekan, Bisvol xonim quyidagilarni qayd etgan:

- Amerika Manas aerodromidagi tranzit markazini yopadi. Bu borada yakuniy qaror qabul qilib bo'lingan va inshoot hozirda Ruminiyaga ko'chirilib, u yerda ishlar boshlab yuborilgan.

- AQSh mintaqaviy birdamlikni targ'ib qilishda davom etib, respublikalarni chegara osha savdoni osonlashtirish va qo'shnilar bilan mavjud muammolarni hal etishga chorlaydi.

- Rossiya boshchiligidagi bojxona ittifoqiga qarshi emas va agar davlatlar unga kirishni istasa, bunga Vashington monelik qilishga haqqi yo'q.

- Amerika Qirg'izistonda biror siyosiy harakat yoki partiyani quvvatlayotgani yo'q. Nohukumat tashkilotlar, jamg'arma va fuqaro jamiyatini rivojlantirish loyihalariga grantlar asosida pul ajratiladi, xolos.

- Vashington Qirg'iziston bilan serqirra hamkorlik tarafdori va u o'zaro manfaatlarga asoslanadi.

- AQSh nazarida Qirg'iziston demokratiya va erkinlik bobida mintaqada yetakchi.

Nisha Bisvol Bishkekka borishidan oldin Ostonada bo'ldi. Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Erlan Idrissov bilan muzokara olib bordi va poytaxtdagi oliygohda yoshlar bilan uchrashib, ularning savollariga javob berdi. Diplomat, shuningdek, inson huquqlari faollari va tadbirkorlar bilan ham so'zlashgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG