Breaking News

Xitoy qanday islohotlarni ko'zlamoqda?


Xitoy hukumati yangi iqtisodiy islohotlar haqida e’lon qilib, xorijiy kompaniyalarning davlat tasarrufidagi korxonalarga qisman egalik qilishi mumkinligini bildirmoqda.

Mamlakatda bir oilaga bir farzand siyosatini yumshatish, atrof-muhitni himoya qilish, korrupsiyaga qarshi kurashga qaratilgan jami 60 chora tilga olinmoqda. Hukumat chop etgan hisobotda to’liq ro’yxatni ko’rish mumkin.

Mutaxassislar nazarida Xitoy iqtisodiyotida taraqqiyot sur’ati so’nggi 20 yilda sekinlashgan. Mamlakatga yangi iqtisodiy model kerak, deydi ular. Bunday model tarafdorlariga ko’ra, iqtisodiyot eksportga emas, ichki iste’molga tayanishi lozim. Kichik va o’rta bizneslarga kengroq imkoniyatlar berilib, davlat nazoratidagi iqtisodiyotni bozor tartibga solishi kerak, deydi ular.

Kaliforniya universiteti professori Berri Notonning aytishicha, hisobotni tayyorlagan odamlar davlatga qarashli korxonalarni isloh qilish tarafdori.

Ular, xususan, bunday korxonalar faoliyati, hisobotlari va byudjetiga tiniqlik kiritishni, korrupsiyaning oldini olish uchun davlat korxonalari boshqaruvchilarining iqtisodiy sharoitini yaxshilashni, davlat kompaniyalari daromadidan hukumatga ko’proq pul o’tkazishni taklif qilmoqda.

Biz xususiy va davlat sektori teng sharoitda ishlashini istaymiz, deydi islohotchi rasmiylardan biri.

Yangi siyosat natijasida xususiy tadbirkorlar davlat korxonalarining ulushini sotib olish imkoniga ega bo’ladi. Ayrim sohalarda esa davlat o’z korxonasini xususiy firmalarga to’liq topshirishi mumkin bo’ladi.

Islohotchi rasmiy Yan Veyminning aytishicha, yangi choralar ko’lami bilan oldingilaridan ajralib turadi.

Hukumat milliy xavfsizlik sohalarida ishlayotgan korxonalar tizginini qo’ldan chiqarmasligi aniq. Ammo xizmat sektorida, bank va moliya sohalarida xorijiy sarmoyadorlar faoliyatiga qo’yilgan cheklovlar olib tashlanadi.

Singxua universitetida iqtisodiyot bo’yicha professor Chay Jimin nazarida Pekin tashqi sarmoyaga yo’lni ochib, davlat kompaniyalarini raqobatbardosh qilmoqchi.

"Xorijiy yoki xususiy sarmoya davlat korxonasiga tushishi bilan ish zamonaviy sanoat andozalari bo’yicha, bozor qoidalariga ko’ra olib boriladi. Buning uchun korxona davlat aralashuvidan xoli bo’lishi kerak", - deydi iqtisodchi.

Kaliforniya universiteti professori Berri Notonning aytishicha, hukumat hisobotda iqtisodiyotga aralashuvini kamaytirishini bildirgani ijobiy hol. Islohot ahamiyati ham shunda, deydi u.

"Hujjatda halol raqobat, qoidalarga ko’ra ish tutish haqida ko’p gapiriladi. Qog’ozda hammasi yaxshi. Ammo ayrim davlat korxonalariga berilgan imtiyozlar qayta ko’rib chiqilmas ekan, bularning barchasi quruq gapligicha qolaveradi", - deydi ekspert.

Masalan, bunday kompaniyalar davlat banklaridan osongina imtiyozli kreditlar, hukumatdan subsidiyalar olishi mumkin, raqobatsiz ish qiladi. Korxona rahbarlarining hukumatda mavqei baland, ayrim kompaniyalar, hatto vazirliklardan ham nufuzliroq hisoblanadi. Shu sababdan, deydi kuzatuvchilar, agar islohotlar haqiqiy bo’lsa, ularni hayotga tadbiq etish oson kechmaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG