Qo'shma Shtatlar va Xitoy hukumatlari bir-biriga qarshi kiber xurujlar uyushtirmaydi, intellektual mulk va savdo sirlarini o'g'irlash kabi ishlarga qo'l urmaydi. Ikki davlat prezidentlari Vashingtonda shunga kelishib olgan.
"Bunday jinoyatlar to'xtashi lozim, deb uqtirdim", - dedi Obama yuzma-yuz muloqotdan so'ng.
Prezident Si Zinpin Xitoy xakerlik jinoyatlariga qo'l urmasligini, bu masalaga siyosiy tus berilayotganini ta'kidladi. Ikki davlat bu masala bilan shug'ullanuvchi qo'shma guruh tuzishga kelishib olgan.
O'tgan yillar mobaynida AQSh hukumati va bizneslaridan katta miqdorda nozik ma'lumotlar o'g'irlangan. Hujumlarda Xitoyda joylashgan xaketlar gumon qilinadi. Oy boshida AQSh davlat idoralari kompyuterlaridan 21 million odamning ma'lumotlari o'g'irlangan edi.
Ammo Vashington shu paytgacha to'g'ridan to'g'ri Xitoyni ayblamagan.
Bu Xitoy prezidentining AQShga ilk safari bo'lib, uning poyiga qizil gilamlar to'shaldi. Oq uydagi muloqotda boshqa nozik masalalar ham muhokama qilingan, jumladan, kiber xurujlar, Xitoy olib borayotgan iqtisodiy siyosat, iqlim o'zgarishi, inson huquqlari, hamda Janubiy Xitoy dengizidagi territorial tortishuvlar.
Prezident Zinpinning ta'kidlashicha, Pekin-Vashington aloqalarida yangi sahida ochilmoqda. Obamaga ko'ra, ikki yirik davlat hamkorligi 21-asr taqdirini hal qiladi.
Xitoy rahbari AQShga bir haftalik safarini Sietl shahridan boshladi. U yerda yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashib, savdo-sarmoya haqida gaplashgan.
"Davlatlarimiz hamkorlik qilar ekan, oramizdagi farq-tafovutlarni ham ochiq muhokama qilishimiz darkor. Kompaniyalar adolatli sharoitda raqobat qilsa, kelishmovchiliklar tinch yo'l bilan hal qilinsa va inson huquqlari hurmat qilinsa, jamiyatlarimiz barqaror bo'ladi, global taraqqiyot oldinga siljiydi", - deydi Obama.