Breaking News

Tramp Xitoy rahbari bilan huquq haqida gaplashsin, deydi faollar


Jahonning eng yirik ikki iqtisodiyoti rahbarlari, Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Zinpin Floridada ko'rishib, o'zaro munosabatlar va global masalalar haqida gaplashayapti.

Prezident Si AQShga payshanba kechqurun yetib keldi. 24 soatlik muloqot yopiq eshiklar ortida o'tib, asosan, AQShning Xitoy bilan savdodagi kamomadi, Shimoliy Koreyani yadro quroli yaratish yo'lidan qaytarish, Janubiy Xitoy dengizidagi talash hududlar kabi mavzular muhokamada.

Faollar Trampdan Xitoyda inson huquqlari muammosini ham ko'tarishni so'ragan.

Xitoy rahbarini savdo va moliya bobida savolga tutishini aytgan Tramp xitoylik mehmonni iliq kutib oldi.

Trampning Mar-a-Lago dala hovlisida Prezident Sini aziz mehmonday qarshi olishdi. Biroq tevarakdagi ko'chalarda Xitoyni inson huquqlari bilan bog'liq muammolar bois tanqid qilganlarni ko'rish mumkin edi.

Nyu-Jersidan qonunchi Kris Smit "Amerika Ovozi" bilan suhbatda Tramp Pekinni huquq bobida tanqid qilishi kerak, dedi.

"Si Zinpin ma'muriyati fuqarolarni qiynoqqa solish, ayollarni abortga majburlash va shu xildagi og'ir huquqbuzarliklarga chek qo'yishi kerak", - deydi qonunchi.

Smitning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Xitoy mahsuloti uchun katta bozor. Pekin huquq masalasida ijobiy o'zgarishlar qilmasa, Tramp Xitoy tovarlari importini kesishi mumkin, deydiu.

Tahlilchilarning aytishicha, Xitoy rahbari og'ir mavzularga puxta tayyorgarlik ko'rib keldi.

"Tramp bilan hamkorlikni mustahkamlash bobida maslahatchilar uni juda yaxshi tayyorlagan" ,- deydi Yun Sun, xitoylik ekspert. "Hatto mo'maygina sovg'alar olib kelgan bo'lsa hech gapmas", - deydi u.

Tramp esa muloqot samimiy o'tganini, biroq Prezident Sidan birorta tuhfa olmaganini alohida ta'kidlamoqda.

Tahlilchining so'zlariga ko'ra, Amerikada infratuzilmani yaxshilash va'dasini bajarish uchun Trampga moliya kerak. Xitoy ana shu sarmoyani kirita oladigan hamkor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG