Breaking News

Razvedka idorasida sodir etilgan qiynoqlar uchun kim javob beradi?


Qiynoqlar uchun kim javob beradi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:46 0:00

Qiynoqlar uchun kim javob beradi?

Markaziy razvedka agentligi vatan xizmatida ekanini eslatib, qiynoqlar haqida Senat chiqargan hisobot noxolis deya o’zini himoya qilmoqda. Boshqarma direktori Jon Brennan xatolarga yo’l qo’yilganini tan oladi. Lekin AQShda ham, xalqaro maydonda ham javobgarlar sudlansin degan talablar yangramoqda. Buning ehtimoli qay darajada?

Qiynoqlar uchun kimni kim javobgarlikka tuta oladi? Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:12 0:00

Markaziy razvedka agentligi rahbariyati “qiynoqlar” degan so’zning o’rniga “so’roq qilishning keskin usullari” degan jumlani ishlatadi.

Bu metodlar esa zamon talabi edi, deydi Jon Brennan.

“Sanoqli hollarda agentlarimiz mahbuslarni so’roq qilayotganida chegaradan chiqqanini tan olamiz. Ular noto’g’ri ishlar bo’lgan. Buyurilmagan harakatlar. Ularni qoralaymiz. Bu agentlar javobgarlikka tutilmaganidan afsusdamiz”.

Lekin Brennan so’zlariga ko’ra, so’roq qilishning keskin va og’ir usullari, xususan, suvga bo’ktirish va uyqudan qoldirish orqali asirlardan zarur va foydali ma’lumotlar olingan.

"Bu mahbuslar bergan informatsiya bizga qo’l kelgan va oxir-oqibatda Osama bin Ladendek yetakchi terroristning qayerda ekanini aniqlashda yordam bergan”,- deydi direktor.

Qiynoqlar orqali olingan ma’lumot va al-Qoida rahbarining o’ldirilishi bir-biriga qanchalik bog’liq deb so’ralganida, Brennan aniq javob bermaydi.

Markaziy razvedka agentligida ishlagan va qiynoqlarga aloqador boshqa sobiq rahbarlar ham javobgarlikka tutilsin degan chaqiriqlar avj olmoqda.

“Qiynoqlar haqidagi hisobot bunga turtki berishi kerak. Javobgarlar jazolanishi kerak”,- deydi Stefan Duyarrik, BMT matbuot kotibi.

Lekin Oq uyning bildirishicha, Adliya vazirligi Senat uzatgan hujjatdagi isbot va dalillarni allaqachon ko’rib chiqqan va bu masala muhokama qilib bo’lingan. Xo’sh, xulosa nima?

“Federal prokurorlar nazarida biror kimsani sudga tortish uchun yetarlicha asos mavjud emas”.

Xalqaro maydonda-chi? Kimning qo’lidan keladi bu ish? Taniqli huquqshunos Richard Kelsi bu juda qiyin deydi.

“Huquqiy jihatdan ham, amaliy va siyosiy jihatdan ham o’ta murakkab vazifa bu, jumboq”, - deydi u.

Markaziy razvedka agentligi asirlarni Polsha, Ruminiya va Afg’oniston singari davlatlarda saqlagani va qiynoqqa solgani ma’lum. Biroq bu davlatlarda kim bu masalani tekshiradi?

Umumbashariy adliyani o’z bo’yniga olgan davlatlar bor, ya’ni jinoyat kim va qayerda amalga oshirilishidan qa’ti nazar, uni ko’rib chiqadigan tuzumlar.

Ular balki bu ishni qilar, deydi Jennifer Daskal, huquqshunos professor va tajribali advokat.

“Agar ismim qiynoqlar haqidagi hisobotda bo’lsa, ochig’i, Yevropa davlatlariga safar qilmagan bo’lar edim. U yerda bu masala sudda ko’rilishi ehtimoli yuqori. Javobgarlar qo’lga tushadi”, - deydi u.

Qiynoqqa solinganlar yoki ularning yaqinlari AQShning o’zida adolat va tovon talab qilib, sudga murojaat qilishi mumkin, deydi “Human Rights Watch” huquq tashkilotidan Andrea Prasov.

“Qo’limizda 500 betli, juda asosli ma’lumotlarni o’z ichiga olgan hisobot bor. Qonun chiqaruvchi organ hujjati. Qiynoqqa solingani u yerda qayd etilgan odamlar o’z huquqlarini talab qilib, adolat so’rashga haqli. Dardini eshitish kerak”, - deydi faol.

Ungacha esa masala dunyo ahli muhokamasida. Markaziy razvedka agentligi va AQSh norasmiy, lekin umumbashariy hakamlar oldida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG