Breaking News

Markaziy razvedka boshqarmasi: Hech kim suvga dimiqtirilmaydi


Qiynoqqa qarshi o'tkazilgan namoyishda suvga dimiqtirish tergov usuli qanday bo'lishi namoyish qilinmoqda, Vashington, 5-noyabr, 2007-yil
Qiynoqqa qarshi o'tkazilgan namoyishda suvga dimiqtirish tergov usuli qanday bo'lishi namoyish qilinmoqda, Vashington, 5-noyabr, 2007-yil

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Jon Brennan hatto prezident buyurgan taqdirda ham mahbuslar suvga dimiqtirilmaydi, deya va'da bermoqda.

"MRB ofitserlaridan birortasi suvga dimiqtirish usulini qo'llashiga hech qachon rozi bo'lmayman", - dedi Brennan "NBC News" telekanaliga bergan intervyusida.

2001-yilgi terror xurujlaridan so'ng terrorizmga aloqadorlik gumoni bilan qo'lga olingan mahbuslardan ayrimlari shunday shunday qiynoqqa solingani ma'lum.

Prezident Barak Obama 2009-yil hokimiyatga kelishi bilan bunga chek qo'ydi. Qiynoqlar butkul man etilgan.

Respublikachilardan prezidentlik uchun nomzod Donald Tramp o'tgan oy terrorchilarni to'xtatish uchun barcha huquqiy vakolatlaridan foydalanishini, ammo harbiylarga va boshqalarga qonunni buzishni buyurmasligini aytdi.

Bundan avvalroq esa u suvga dimiqtirishdan ham ko'ra qattiqroq choralarni qo'llab quvvatlashini aytgan. Trampning partiyadagi asosiy raqibi senator Ted Kruz mamlakat xavfsizligini ta'minlash uchun kerakli barcha tergov usullarini qayta joriy etishini ta'kidlamoqda.

2014-yilda Senat chiqargan hisobotda razvedka idorasi "Al-Qoida" va boshqa terror guruhlariga aloqadorlikda gumonlangan mahbuslarni suvga dimiqtirish, soxta qatl etish, muzda saqlash yoki yuqori haroratli suvda cho'miltirish, jinsiy tahdid kabi qiynoq usullari bilan tergov qilgan. Ammo bu choralar odamlar hayotini saqlab qolish darajasidagi biror jiddiy ma'lumot olish imkonini bermagan, deyiladi hisobotda.

Shundan beri boshqarma rahbari Brennan qiynoq usullariga chek qo'yilgani va bunga ortiq yo'l berilmasligini aytib keladi. Ayni paytda u bunday tergovlar natijasida ayrim xurujlarning oldi olinib, terrorchilar qo'lga olinganini ham ta'kidlaydi.

Bunday usullar davlat xavfsizligi uchun zarur deb keladiganlar ham bor. Keskin tergov usullarini joriy qilgan Prezident Jorj Bush davrida vitse-prezident bo'lgan Dik Cheyni deydiki, bu choralar mamlakatni kelajak xurujlargan asrashga yordam bergan.

O'sha paytda tergovga boshchilik qilgan Xose Rodriges qayd etishicha, 11-sentabr xurujlarining tashkilotchisi sifatida ko'riladigan Xolid Shayx Muhammadning ushlanishida shunday usullar qo'l kelgan.

MRB uchun tergov dasturini tashkil qilib bergan ikki nafar AQSh harbiy psixologiga qarshi sud ishi ham ochilgan. Ular ustidan da'vo qiynoqqa solingan, ammo haligacha biror ayblov qo'yilmagan ikki mahbus nomidan qo'zg'atilgan. Masala ayni damda federal sudda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG