Breaking News

AQShda maxfiy hujjatlarning oshkor etilishi yuzasidan tergov ketmoqda


Maxfiy hujjatlarni oshkor etishda ayblanayotgan harbiy Jek Teysheyra
Maxfiy hujjatlarni oshkor etishda ayblanayotgan harbiy Jek Teysheyra

AQSh rasmiylari Pentagonga qarashli maxfiy hujjatlarning oshkor etilganidan ko’rilgan zararni baholashga harakat qilmoqda. Milliy gvardiyaning harbiy-havo kuchlari razvedka bo’limida xizmat qilgan 21 yashar Jek Teysheyra hibsxonada saqlanmoqda.

Xalqaro hayot - 17-aprel, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:57 0:00

Pilot maxfiy rasmiy hujjatlarni oshkor etishga doir ikki jinoiy modda bo’yicha ayblanmoqda.

“Gap hujjatlarni uyiga olib ketish haqida ketmayapti. Shuning o’zi qonunga xilofdir. U hujjatlarni noqonuniy saqlash va tarqatishda ayblanmoqda. Maxfiy hujjatlar bilan ishlaydigan odamlar bitim imzolab, ularni oshkor etmaslik milliy xavfsizlik uchun muhim ekanini tan olishadi. Buning milliy xavfsizlikka muhim ekanini boshqalar ham bilishini istaymiz”, - deydi Adliya vaziri Merrik Garlend.

Razvedka sohasida ishlovchi tahlilchilarning aytishicha, Teysheyra hujjatlarni maxfiy hujjatlar o’qiladigan maxsus xona “skif”dan olib chiqib suratga tushirgan. Kelajakda bunday holatning oldini olish uchun yangi qoidalar joriy etilishi kutilmoqda.

Nafaqaga chiqqan FBR maxsus agenti Kennet Grey shunday qoidalardan biri “skif” xonasidan chiqayotgan odamlarni tintuv qilinishini taxmin qilmoqda.

Teysheyra 15 yilgacha qamalishi mumkin.

Respublikachi senator Lindsi Grem past unvonli harbiy nega bunday qilganini sinchkovlik bilan tergov qilishga chaqirmoqda.

“Uning darajasidagi askarda bunday ma’lumotni qo’lga kiritish huquqining borligi odamni ajablantiradi. U bu ma’lumotlarni qanday qilib va nega qo’lga kiritdi? Kimlarnidir ishdan olish kerak bu uchun”, - dedi qonunchi.

Grem Bayden ma’muriyatining tandiqchilariga Teysheyrani ko’kka ko’tarmaslikni tavsiya qildi.

“Pilotning bu ishi tufayli Jorjiya va boshqa shtatlardagi harbiylar endi o’zini xavfsiz his qilmayapti. Buni oqlab bo’lmaydi. Bu yigit ko’zlagan maqsadga qo’shilgani uchungina maxfiy hujjatlarni oshkor etishni to’g’ri deb bilish Kongressning har bir a’zosi uchun o’ta mas’uliyatsiz ish bo’lib, Amerikani xavf ostiga qo’yadi”, - dedi senator.

Shanba kuni Vyetnamga borgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, Amerika rasmiylari oshkor etilgan hujjatlar masalasida barcha ittifoqchilari bilan muloqot qilmoqda.

“Razvedka ma’lumotlarini himoya qilishga va xavfsizlik bobidagi hamkorligimizga sodiq ekanimizni bildirdik. Bu chora va qadamlarimiz olqishlanyapti, hamkorligimizga ziyon yetgani yo’q”, - dedi Blinken.

Davlat kotibi bugun Yaponiyada “Katta Yettilik”ka a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining uch kunlik majlisida qatnashmoqda.

Ukrainadagi urush, Xitoyning Tayvan bilan ziddiyatlari, Shimoliy Koreya sinovlari muhokama qilinmoqda. Kelasi oy a’zo mamlakatlar rahbarlari Xirosimada uchrashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG