Breaking News

AQSh maxfiy hujjatlarini sizdirishda ayblangan shaxs hibsga olindi


AQSh Federal qidiruv byurosi Milliy gvardiyaning 21 yoshli xizmatchisini AQSh hukumati va harbiylariga aloqador maxfiy hujjatlarning sizdirilishi bilan bog’liq ish bo’yicha hibsga olmoqda, 2023-yil, 13-aprel.
AQSh Federal qidiruv byurosi Milliy gvardiyaning 21 yoshli xizmatchisini AQSh hukumati va harbiylariga aloqador maxfiy hujjatlarning sizdirilishi bilan bog’liq ish bo’yicha hibsga olmoqda, 2023-yil, 13-aprel.

AQSh Federal qidiruv byurosi Milliy gvardiyaning 21 yoshli xizmatchisini AQSh hukumati va harbiylariga aloqador yuzlab sahifalik maxfiy hujjatlarning sizdirilishi bilan bog’liq ish bo’yicha hibsga oldi. Bu haqda AQSh Adliya vaziri Merrik Garlend xabar berdi.

Massachusets Havo kuchlari milliy gvardiyasi razvedka qanoti xizmatchisi bo’lgan Jek Tesheyra payshanba kuni tushdan keyin Massachusets shtatining Dayton shahridagi uyida hibsga olindi, deyiladi Federal qidiruv byurosi bayonotida.

Ayni paytda tergov davom etmoqda.

Garlendning ta'kidlashicha, Tesheyra "milliy mudofaa bo'yicha maxfiy ma'lumotlarni ruxsatsiz olish, saqlash va uzatish bo'yicha tergov olib borilayotganligi sababli" hibsga olingan.

Josuslik to'g'risidagi qonunga ko'ra, maxfiy hujjatlarni ruxsatsiz olish, saqlash va uzatish 10 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinadigan federal jinoyat hisoblanadi.

Oshkor qilingan hujjatlar AQSh razvedkasining Ukrainadagi urush va boshqa oʻta nozik masalalarga oid maʼlumotlarini oʻz ichiga olgan.

Garlendning so'zlariga ko'ra, Tesheyra Bostondagi federal sudda dastlabki chiqishini qiladi. U buning aniq sanasini aytmadi.

Ish bilan bog'liq ayblov hujjatlari federal sud tizimiga hali joylashtirilmagan.

Tesheyraning hibsga olinishi “mamlakatimiz ishonchiga xiyonat qilgan va milliy xavfsizligimizni xavf ostiga qo‘ygan shaxslarni aniqlash, ta’qib qilish va javobgarlikka tortish bo‘yicha davomli majburiyatimiz” doirasida amalga oshirildi, deyiladi FQB bayonotida.

Hibs Tesheyra “Discord” saytidagi onlayn chat guruhi rahbari ekanligi aniqlangani va hujjatlar dastlab u yerda e’lon qilingani haqida AQSh ommaviy axborot vositalari xabar berganidan keyin sodir bo‘ldi.

“Washington Post” nashrining chorshanba kuni xabar berishicha, “Discord” guruhi a'zolaridan biri ma'lumotni oshkor qilgan shaxs guruhning harbiy bazada ishlaydigan yana bir a'zosi ekanligini aytgan.

Gazeta “Discord” guruhi a'zosi bilan suhbatlashgan va u aytgan tafsilotlarni guruhning boshqa a'zosi tasdiqlagan.

“Discord” guruhi a'zosining gazetaga ma'lum qilishicha, ma'lumotlarni oshkor qilgan shaxs AQSh hukumatiga dushman emas, lekin u AQSh huquq-tartibot idoralari va razvedkasi fuqarolardan ma'lumotlarni yashirayotgani haqida shikoyat qilgan.

Ismi noma’lum bu guruh aʼzosining soʻzlariga koʻra, maʼlumotni oshkor qilgan shaxs dastlab matn shaklida yozilgan razvedka hisobotlarini boʻlishib kelgan, biroq keyinchalik hujjatlar fotosuratlarini bo’lishishga oʻtgan.

Hisobotda aytilishicha, bu rasmlar mart oyining o'rtalarida boshqa bir “Discord” serveriga joylashtirilganidan bir necha hafta o'tgach, keng ommaga tarqab ketgan.

Adliya vazirligi va Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq xodimi Jordan Straussning aytishicha, amerikalik tergovchilar ishni noodatiy shoshilinch ravishda davom ettirgan, chunki masala Ukrainadagi urushga oid "eng so’nggi va ehtimol davom etayotgan ma'lumotlar”ni o’z ichiga oladi.

"Foydalanuvchi shaxs yaqinda yoki doimiy ravishda ma'lumotlarga ega bo'lganligi uni topish juda shoshilinchligini anglatadi - nafaqat jinoiy javobgarlikka tortish, balki sizib chiqishni to’xtatish uchun", - dedi hozirda Kroll konsalting firmasi boshqaruvchi direktori bo’lib ishlayotgan Strauss.

Irlandiyada jurnalistlar bilan suhbatda Prezident Jo Bayden so’nggi o‘n yillikning eng jiddiy axborot sizdirilishi deb aytilayotgan ishdan unchalik xavotirda emasligini bildirdi.

"Men bu ish yuz berganidan xavotirdaman, lekin uni juda katta oqibatlarga olib keladigan masala deb hisoblamayman", - dedi Bayden.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG