Breaking News

Xillari Klintonning diplomatik memuari chop etildi


Xillari Klinton “Qiyin qarorlar” kitobining prezentatsiyasi paytida, Nyu-York, 10-iyun, 2014-yil
Xillari Klinton “Qiyin qarorlar” kitobining prezentatsiyasi paytida, Nyu-York, 10-iyun, 2014-yil
AQSh sobiq davlat kotibi Xillari Klinton prezident Barak Obama bilan ishlagan yillarini eslab, kitob yozdi. Kuzatuvchilarga ko’ra, 2016-yilda bo’ladigan prezident saylovlarida qatnashishi kutilayotgan Klinton kitob orqali tarafdorlari sonini oshirmoqchi.

Xillari Klintonning aytishicha, “Qiyin qarorlar” kitobini yozishda bir necha tadqiqotchi unga yordam bergan.

“Kitobdagi har bir so’z uchun javob beraman. Tadqiqotchilar yordam bergan bo’lsa-da, har bir vaziyatni, Amerikaning 21-asrdagi o’rniga doir umumiy qarashlarimni o’zim tasvirlaganman”, - deydi Klinton.

Davlat kotibi lavozimida Klinton prezident Obamaning sobiq prezident Jorj Bushning diplomatik siyosatidan farqli qirralarini xorijga yoyishda katta hissa qo’shdi.

Vashingtondagi Tinchlik instituti tahlil markazi xodimi Stiv Xeydemanning aytishicha, Klinton Obama ma’muriyatining tashqi siyosati Bushnikidan keskin farq qilishini, Qo’shma Shtatlar boshqalarga quloq sola bilishini, xalqaro institutlar orqali hamkorlikka tayyor ekanini ham xalqqa, ham dunyodagi hukumatlarga tushuntirib bera oldi.

Vashingtonlik yana bir tahlilchi Maykl Ostinga ko’ra, Klinton xorijga eng ko’p safar qilgan davlat kotibi bo’lishiga qaramay diplomatik sohada yutuqlari cheklangan edi.

“Umumiy tasavvur shundayki, Klinton to’xtamay dunyo kezgan bo’lsa-da, ko’p ishlarni uddalay olmadi. Lekin aytish joiz, u Osiyo masalasida Bush davridagi siyosatni tubdan o’zgartira oldi”, - deydi Ostin.

Klinton Obama ma’muriyatiga diplomatik, savdo va harbiy resurslarni Osiyo siyosati tomon yo’naltirishda yordam berdi.

Biroq, deydi tahlilchi Oslin, bu siyosat Xitoyning dengizdagi da’volari bilan to’qnashdi.

“Mintaqadagi jarayonlarga real ta’sir qilishning imkoni bo’lmayapti. Xitoy da’volari, do’q-po’pisalari to’xtagani yo’q. Klinton “yaxshiroq g’oyamiz bor edi” deb aytishi mumkin, albatta, ammo “yaxshiroq natijaga erishdik” deya olmaydi”, - deydi tahlilchi.

Klinton 2012-yilda Liviyaning Bing’ozi shahrida to’rt amerikalikning o’limiga yetaklagan AQSh konsulligiga hujumning oldi olinmaganidan afsusda. Ayrimlar bundan o’z siyosiy maqsadida foydalandi, deb yozadi u yangi kitobida.

Klintonning Bing’ozidagi voqea bo’yicha Senatda bergan izohlari diplomatik faoliyati davridagi eng ziddiyatli bayonoti bo’ldi.

“Ko’p savollar javobsiz qoldi. Sizning javoblaringiz meni qoniqtirmadi”, - degan edi o’shanda tinglovga raislik qilgan senator Jon Makkeyn.

Klinton voqea ortida turganlarni javobgarlikka tortishga chaqirib keladi.

“To’rt amerikalikni yo’qotdik. Qotillar siyosatimizdan norozi bo’lgani uchun shunday qildimi yoki shunchaki tunda amerikaliklarni ovlash uchun ko’chaga chiqishganmidi? Buning hozir nima farqi bor? Bizning vazifamiz nima bo’lganini aniqlab, kelajakda bu kabi voqeaning oldini olishdan iborat”, - degan edi Klinton.

Tahlilchi Xeydemanning aytishicha, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq bo’ylab kuzatilgan xalq isyonlaridan AQSh diplomatiyasi samarali foydalana olmadi.

“Xillari Klintonning davlat kotibi lavozimidagi faoliyati arab dunyosida AQSh haqidagi tasavvurlarni zarracha o’zgartirmadi. Mintaqada Amerikaga bo’lgan hurmat hali ham ancha past”, - deydi u.

Suriyadagi urushga kelsak, deydi Xeydeman, Klinton prezidentdan ko’ra qattiqroq siyosat yuritishni taklif qilgan.

“Klinton AQShning Suriyada faolroq harakat qilishini targ’ib qildi. Masalan, u muxolifatning harbiy qanotini qurollantirish kerakligiga urg’u berdi”, - deydi ekspert.

Tahlilchi Xeydeman nazarida prezident Suriya masalasida Klintonga quloq solganida nufuzi ancha oshgan bo’lardi. Biroq endi sobiq davlat kotibi qarashlardagi bu farqdan 2016-yilda prezidentlik uchun saylov kampaniyasida o’z foydasiga foydalanishi mumkin.
Klintonning yangi kitobi - Hillary Clinton's new book
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:23 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG