2016-yilgi prezidentlik saylovida qatnashishi kutilayotgan Xillari Klinton Davlat kotibi bo'lib ishlagan payti rasmiy aloqalarni davlat bergan email orqali emas, balki shaxsiy elektron pochtasidan amalga oshirgani aniqlandi.
"Nyu-York Tayms" gazetasining yozishicha, bu bilan Klinton hujjatlar bilan ishlash bo'yicha federal qonunni buzgan bo'lishi mumkin.
"Federal hujjatlarga oid qonunga ko'ra, shaxsiy elektron pochtasi orqali olib borilgan davlat ishlari departament arxiviga saqlab qo'yilishi lozim edi. Lekin uning yordamchilari bunday qilmagan", - deyiladi nashr chop etgan maqolada.
Gazetaning xabar berishicha, Klinton Davlat departamentida ishlagan to'rt yil davomida faqat shaxsiy elektron pochtasidan foydalangan, hukumat pochtasini umuman ishlatmagan.
Klinton 2016-yilgi prezidentlik saylovida demokratlar vakili sifatida qatnashishi kutilyapti. Shu bois so'nggi paytda unga jamoatchilik e'tibori oshgan.
Klintondan oldin ham boshqa davlat kotiblari rasmiy aloqalarni shaxsiy elektron pochtalar orqali amalga oshirgan. Amaldagi Davlat kotibi Jon Kerri o'z ishida, asosan, "state.gov" serverida joylashgan rasmiy pochtadan foydalanuvchi birinchi yetakchi rasmiy ekani aytiladi.
Klintonning bu harakati e'tirozlarga sabab bo'lmoqda. Sobiq Florida gubernatori hamda prezidentlikka respublikachilardan ehtimoliy nomzod Jeb Bush o'zining gubernatorlik davriga oid o'n nimglab elektron yozishmalarini ommaga e'lon qilib, Klintonni ham barcha elektron maktublarini oshkor qilishga chaqirgan.