Breaking News

Xillari Klintonni kim ortda qoldira oladi?


Senator Elizabet Uorren.
Senator Elizabet Uorren.

Amerikada liberal qarashlarga ega faollar Massachussetts shtatidan senator Elizabet Uorrenni 2016-yilda prezidentlikka nomzod etib ko’rsatmoqchi. Uorren esa bosh lavozimga da’vo qilish niyati yo’qligini aytib keladi. Ommaviy so’rovlar ham aksariyat demokratlar Xillari Klintonni afzal ko’rishini ko’rsatmoqda.

Xillari Klintonni kim ortda qoldira oladi? Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:13 0:00

MoveOn.org liberallar harakati bo’lib, unga a’zo sakkiz million odam o’rtasida o’tkazilgan so’rov natijasi shuki, demokrat senator Elizabet Uorren - Oq uyni egallashga loyiq siyosatchi. Respondentlarning 81 foizi shunday fikrda.

Uorren 2013-yilda Senatga saylangan. Saylovchilarga uning AQShda boy va kambag’allar orasidagi tafovut kuchayayotgani haqidagi gaplari va bunga qanday barham berish mumkinligi haqidagi takliflari juda ma’qul.

MoveOn.org guruhi rahbari Anna Galland, senatorning nufuzi baland, deydi.

“Demokratik tizim bo’lar turib, iqtisodiy inqirozga yuz tutmoqdamiz. O’rta sinf, ya’ni ishlaydigan oilalar uchun sistemaning foydasi yo’q. Senator Uorren o’z faoliyati davomida shunday oilalar manfaatlarini himoya qilib kelgan. Bu g’oyani ilgari surish kerak. Shuning uchun Uorren prezidentlikka da’vo qilishi kerak,” - deydi u.

Senator 2016-yilda Oq uy uchun harakat qilish niyati yo’qligini bir necha marotaba ta’kidlagan. Galland esa bu arbob aynan faollar undovi bilan Massachusetts shtatidan Senatga saylanishga muvaffaq bo’lganini eslatadi. Bu gal ham shunday bo’lishi mumkin.

“Biz jiddiy tashabbusni olg’a surayapmiz. Saylov poygasining boshidanoq tajribali mutaxassislar yollaymiz. Boshidayoq million dollar sarflashga tayyormiz. Bu bilan millionlab amerikaliklar, shu jumladan, bizning harakatimiz a’zolari senator Uorrenni, uning o’rta sinf va ishchi oilalar manfaatlari uchun kurashini qo’llab-quvvatlashimizni namoyish qilamiz,” - deydi Galland.

Senatdagi qisqa faoliyati mobaynida Uorren ishchi oilalar va o’rta sinf iqtisodiy ahvolini yaxshilash hamda Uoll Stritdagi moliyaviy firibgarliklarga chek qo’yishga da’vat etayotgan yetakchiga aylandi.

“Uoll Stritdagi ahvol juda zo’r. Yirik kompaniyalar rahbarlari millionlab pul topayaptiyu, mamlakat bo’ylab zo’rg’a kunini ko’rayotgan oilalar bilan hech kimning ishi yo’q. Hukumat Amerika xalqi manfaatlarini ko’zlashi kerak, biz aynan shuning uchun kurashmoqdamiz,” - dedi u.

Amerika bo’ylab o’tkazilgan ommaviy so’rovlar natijasiga ko’ra, Uorren saylov poygasida ishtirok etishga qaror qilsa ham g’alaba qozonolmaydi. “CNN” telekanalining aniqlashicha, so’ralganlarning 65 foizi Xillari Klintonga ovoz berishini aytgan. Uorren uchun 10, vitse-prezident Jo Bayden uchun esa 9 foiz.

Bayden va Klinton o’z nomzodini qo’yish-qo’ymasligini 2015-yil boshida e’lon qilishi kutilmoqda.

“Demokratik partiya xuddi Amerikaga o’xshab bir kuchli g’oya ortida birlashishi kerak - oila g’oyasi. Har bir jamiyatning o’zagi - oila. Partiyamiz va mamlakatimiz ham aynan oilaga asoslanib qurilgan,” - dedi chiqishlarining birida Klinton.

Elizabet Uorren tarafdorlari bayonotlariga qaramay, demokratlardan asosiy nomzod - Xillari Klinton, deydi siyosatshunos Jon Fortiyer.

“Xillari Klintonni ortda qoldirish har bir da’vogar uchun qiyin bo’ladi. Shunga qaramay, u bilan bellashmoqchilar yo’q emas. Ular yaqinda aniqlanadi”.

Elizabet Uorren qanday qarorga keladi, hozircha bilmaymiz. Merilend shtati gubernatori Martin Omalli va Vermont shtati senatori Bernard Sanders ham ehtimoliy da’vogarlar sifatida ko’riladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG