Prezident Barak Obama va sobiq Davlat kotibasi Xillari Klinton o’ziga xos siyosiy rishtalarga ega. Yaqinda Klinton Oq uyni tanqid qilgani ayrimlarni taajjubga soldi.
Xonim fikricha, tashqi siyosat faqatgina xatolarni bartaraf etish bilan belgilanmaydi.
Ular do’st va ittifoqchi bo’lishidan avval siyosiy raqib edi. Ammo 2008-yilgi prezident saylovlarida g’alaba qilgan Barak Obama davlat kotibi lavozimiga Xillari Klintonni tanlagani ko’pchilikka maq’ul bo’lgan.
2016-yili Oq uy uchun poygada sobiq vazira asosiy da’vogarlardan deb ko’riladi. Kitobining taqdimotida Klintondan Obamani tanqid qilgani haqida so’rashdi.
“Ikkimiz ham Amerika qadriyatlari, manfaatlari va xavfsizligi uchun jonimizni berishga tayyormiz. Do’stlar orasida ham farqli qarashlar bo’lishi tabiiy. Uning qo’lida ishlaganimdan faxrlanaman”, - deydi Klinton.
Oq uy tarqatgan bayonotda ham murosa ohangi seziladi. Oq uy vakili Erik Shultz:
“Ba’zida fikrlar bir joydan chiqmasa-da, mamlakatimiz yuzlashib turgan aksar muammolar bo’yicha ular hamfikr. Obama Klintonni maslakdosh deb biladi, u bilan do’stligini qadrlaydi”.
Agar Klinton prezidentlikka harakat qilsa, oradagi tafovutlar haqida hali ko’p eshitamiz, deydi siyosatshunos Tomas Mann.
“Klinton tashqi siyosatda dadilroq harakat qilish tarafdori. Nazarimda, u bu boradagi fikr-qarashlarini ochiq bayon qildi xolos. Buni saylovga tayyorgarlik deb aytmagan bo’lardim”.
Respublikachilar ham Klintonga munosib raqib izlamoqda. Ularning safida kim maydonga chiqishi ma’lum emas, deydi siyosiy sharhlovchi Jon Fortier.
“Respublikachilar Klinton nimaga qodirligi, uning kamchiliklaridan xabardor. Muhimi, ular orasida Klintonchalik shuhrat qozongan, u bilan teng bellasha oladigan nomzod bormi?”
Prezident poygasiga hali vaqt bor. Noyabrda o’tadigan Kongress saylovlariga esa oz qoldi. Ham Obama, ham Klinton demokrat safdoshlarini qo’llab, yo’lga chiqishadi, deydi Tomas Mann.
“Ustunlik respublikachilar tomonida, chunki prezidentning reytingi past, xalqning iqtisodiy vaziyatdan ko’ngli to’q emas, ko’pchilik Obamani ayblaydi”, - deydi u.